Jarqo’rg’on
Jarqo’rg’on — Surxondaryo viloyati Jarqo’rg’on tumanidagi shahar (1973). Tuman markazi. 1951 yilda shaharcha sifatida tashkil etilgan. Viloyat markazi — Termizdan 42 kilometr shimolda. Yaqin temir yo’l stantsiyasi — Jarqo’rg’ondan 2 kilometr. Surxon daryosining o’ng sohilida, 350 metr balandlikda joylashgan. Shahar orqali zang kanali oqib o’tadi. Aholisi 20,5 ming kishi (2000). Jarqo’rg’on nomi qadimda jar yoqasida joylashgan qo’rg’on nomidan kelib chiqqan. 8-12-asrlarda Jarqo’rg’on o’rnida Charmangan (Sarmangan) shahri bo’lib, Arab-fors geografik adabiyotlarida ko’p tilga olingan. 8-asrda arablar, 10-asrda G’aznaviylar, 11-asrda Saljuqiylar, 12-asr 1-yarmida Bomiyon g’uriylari, 13-asr boshlarida Xorazmshohlar qo’lida, 13-asr o’rtalarida Chig’atoy ulusiga kirgan. O’sha davrlarda Jarqo’rg’on (Charmangan) mavqei jihatidan Termiz shahridan keyin 2-o’rinda bo’lgan. Geografik o’rnining qulayligidan Jarqo’rg’on qadimdan muhim xo’jalik markazi bo’lib kelgan. 1929 yilda temir yo’l o’tkazilishi, 30-yillarda bir necha neft konining ochilishi Jarqo’rg’on xo’jaligining tez o’sishiga sabab bo’ldi. Shahar atrofidan neft qazib olinadi. Paxta tozalash, qurilish materiallari zavodlari, «Jarqo’rg’on-neft» kon boshqarmasi, neft-kon mashinalarini ta’mirlash ustaxonalari, tikuvchilik fabrikasi, avtotransport korxonasi, yoqilg’i saqlash, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qabul qilish omborxonalari mavjud. Jarqo’rg’onda ma’muriy, savdo va madaniy muassasalar, kasalxona, ambulatoriya, o’rta maktablar, xalq teatri, kutubxona, aloqa bo’limi, stadion, istirohat va madaniyat bog’i faoliyat ko’rsatadi.