Jazoni ijro etish muassasasi
Jazoni ijro etish muassasasi — sud hukmiga binoan belgilangan jazolarni ijro etuvchi muassasalar va organlar. Jazolarning turlariga qarab bu jazolarni ijro etuvchi organ va muassasalar bir-biridan farq qiladi. O’zbekiston Respublikasi JIKga binoan, jarima tariqasidagi jazo sud tomonidan, ozodlikdan mahrum qilish, qamoq, axloq tuzatish ishlari, o’lim jazosi ichki ishlar organlari tomonidan ijro etiladi. Ozodlikdan mahrum qilish — Ichki ishlar vazirligi qoshidagi jazolarni ijro etishning bosh boshqarmasi tashkil qiladigan jazolarni ijro etish koloniyalari, turma qamog’i va tarbiya koloniyalari tomonidan, qamoq jazosi — qamoq uylari va tergov izolyatorlari tomonidan, axloq tuzatish ishlari — ichki ishlar organlarining inspektsiyalari tomonidan ijro etiladi. Axloq tuzatish ishlarini ijro etishda korxona va tashkilotlar ma’muriyati yordam beradi. Muayyan huquqdan mahrum qilish to’g’risidagi hukm talabi — mahkumning ish joyidagi ma’muriyat tomonidan, shuningdek, tegishli faoliyat turlari bilan shug’ullanishga berilgan ruxsatnomani bekor qilishga vakolatli organlar tomonidan ijro etiladi. Harbiy xizmatchilarga nisbatan: xizmat bo’yicha cheklash tariqasidagi jazo — ular xizmatni o’tayotgan joydagi harbiy qismlar (muassasalar)ning qo’mondonligi tomonidan; qamoq tariqasidagi jazo — garnizon gaupvaxtalari tomonidan; intizomiy qismga jo’natish tariqasidagi jazo — maxsus tashkil etilgan harbiy qismlar tomonidan; harbiy yoki maxsus unvondan maxrum qilish — mazkur unvonni bergan organ tomonidan ijro etiladi. Bundan tashqari tibbiy yo’sindagi majburlov choralarini, shuningdek, voyaga yetmaganlarga nisbatan majburlov choralarini qaysi muassasalar qay yo’sinda ijro etishi ham belgilab qo’yilgan (O’zbekiston Respublikasi JIK, 15-modda). Bahrom Ahrorov.