Jazoni og’irlashtiruvchi holatlar
Jazoni og’irlashtiruvchi holatlar — sodir etilgan jinoyatning va jinoyat sodir etgan shaxsning ijtimoiy xavflilik darajasini oshiruvchi hamda og’irroq jazo tayinlashga asos bo’ladigan holatlar. O’zbekiston JK (56-modda)da Jazoni og’irlashtiruvchi holatlarning qat’iy ro’yxati berilgan, sud jazo tayinlash vaqtida mazkur moddada ko’rsatilgan holatlardan boshqa holatlarni Jazoni og’irlashtiruvchi holatlar deb hisoblashga hakli emas, lekin jinoyat xususiyatini e’tiborga olib, shu holatlarni Jazoni og’irlashtiruvchi holatlar deb topmasligi ham mumkin. Jazoni og’irlashtiruvchi holatlar jinoyat tarkibiga kiruvchi belgi bo’lmay, jinoyat tarkibidan tashqaridagi holat hisoblanadi. Shu sababli bunday holatlar jinoyatni kvalifikatsiya qilishga ta’sir etmaydi, balki aybdor qilmishi kvalifikasiya qilingan moddada ko’zda tutilgan jazoning og’irroq turini yoki ko’proq qismini tayinlashga asos bo’ladi.