Jeneva ko’li, Leman
Jeneva ko’li, Leman — Shveytsariya va Frantsiyadagi ko’l, Alp tog’laridagi ko’llar ichida eng yirigi. Maydoni 582 km2, uzunligi 72 kilometr, kengligi 14 kilometrgacha, eng chuqur joyi 310 metr, suv hajmi 89 km3. G’arbiy Alp va yura tog’lari oralig’idagi soylikda, 372 metr balandlikda joylashgan. Ko’l Alp tog’laridan siljib tushgan muzlik o’rnida hosil bo’lgan. Qirg’oqlari g’arbida yotiq, sharqida tik. Jeneva ko’li orqali Rona daryosi oqib o’tadi (ko’l suvining 72% shu daryodan yig’iladi). Daryoning ko’ldan chiqish joyiga to’g’on qurilgan. Sohilida iqlim yumshoq, iliq; ko’l qishda muzlamaydi. Kema qatnaydi. Ko’l atrofi xushmanzara: Shveytsariya sohilida turistik bazalar, shifoxonalar, iqlim va balneologik kurortlar, Jeneva, Lozanna va boshqa shaharlar joylashgan.