Jig’ildon

Jig’ildon — bir qancha umurtqasiz hayvonlar (ko’pchilik mollyuskalar, chuvalchanglar, hasharotlar) va qushlarda qizilo’ngachning kengaygan qismi. Jig’ildon oziqni to’plash va saqlash, ba’zan uni qisman qimyoviy qayta ishlash uchun xizmat qiladi. Hasharotlar Jig’ildonida nektar asalga aylanadi. Qushlarda Jig’ildon o’mrov suyagi oldida joylashgan, unda yirik bezlar bo’ladi. Jig’ildon muskullarining peristaltik qisqarishi tufayli undagi oziq me’daga tushadi yoki bolasini oziqlantirish uchun og’ziga qaytariladi, hazm bo’lmagan oziq qoldig’i chiqarib tashlanadi. Kaptarlarda tuxum bosishning 8-kunidan boshlab Jig’ildon epiteliysi va Jig’ildon bezlari o’zgarib, oqish suyuqlik (Jig’ildon suti) ishlab chiqara boshlaydi. Bu suyuqlik bilan kaptarlar o’z jo’jalarini boqadi. Cho’l qushlari (oqbovur, qorabovur) Jig’ildonida jo’jalari uchun suv olib keladi. Jig’ildon oziqni qiyinchilik bilan, lekin birdaniga ko’p topadigan yirtqich yoki nisbatan sekin hazm bo’ladigan qattiq oziq bilan oziqlanadigan donxo’r qushlarda ham rivojlangan.