Jinoiy uyushma
Jinoiy uyushma — 2 yoki undan ortiq uyushgan guruhning jinoiy faoliyat bilan shug’ullanish uchun oldindan birlashishi. Jinoiy uyushma guruh a’zolarining miqdori, uyushmaning tuzilishi va boshqa belgilariga ko’ra bir-biridan farq qiladi. Jinoiy uyushma tuzish yoki unga rahbarlik qilish jinoiy tuzilmani shakllantirish uchun nomzodlarni tanlash, ularni jalb qilish, Jinoiy uyushma, guruh yoki uning bo’linmalari ishtirokchilari o’rtasida vazifalarni bo’lish, jinoiy faoliyatning umumiy rejasi yoki alohida tajovuzlar rejasini tuzish kabi xatti-harakatlarda ko’rinadi. Jinoiy uyushmaning yashashi va amal qilishiga qaratilgan faoliyatni olib borish Jinoiy uyushma uchun pul mablag’lari, transport vositalari, xonalar ajratish, Jinoiy uyushma yoki bo’linmalarining ishlashi uchun shart- sharoitlarni yaratish kabilarda namoyon bo’ladi. Har qanday turdagi jinoiy faoliyat bilan shug’ullanish uchun Jinoiy uyushmaga birlashishning o’zi tugal jinoyat hisoblanadi. Jinoiy uyushma yoxud uning bo’linmalarini tuzish yoki unga rahbarlik qilish, shuningdek, ularning mavjud bo’lishi va ishlab turishini ta’minlashga qaratilgan faoliyat uchun O’zbekiston Respublikasining JK tegishli moddasiga ko’ra jinoiy jazo belgilangan.