Jinoyat ishini qo’zg’atish

Jinoyat ishini qo’zg’atish — jinoyat sodir etilgan yoki jinoyatga tayyorgarlik haqida berilgan xabar va ariza yuzasidan prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sudyaning dastlabki harakati. Ular sodir etilgan jinoyat haqidagi ariza yoki xabar yuzasidan 3 kun, alohida hollarda esa 10 kun ichida Jinoyat ishini qo’zg’atish yoki uni rad qilish, ariza yoki xabarni boshqa tegishli idoraga yuborish to’g’risida bir qarorga kelishga majbur. Jinoyat ishi jinoyat alomatlari borligini ko’rsatuvchi asoslar mavjud hollardagina qo’zg’atiladi. Fuqarolarning arizalari, muassasa, korxona, tashkilot, mansabdor shaxs va jamoat birlashmalari bergan xabarlar, matbuotda bosilib chiqqan axborot yoki maqola, shaxsning aybni bo’yniga olish haqidagi arzi, jinoyat qilganligini ko’rsatuvchi holatlarning prokuror, tergovchi, surishtiruvchi yoki sudning o’zi tomonidan topilishi Jinoyat ishini qo’zg’atish uchun asos bo’ladi. Shaxslarning jinoyat to’g’risidagi arizalari yozma yoki og’zaki bo’lishi mumkin. Yozma ariza arz qiluvchi shaxs tomonidan imzolangan bo’lishi lozim. Jinoyat haqidagi imzosiz, qalbaki imzoli yoki uydirma shaxs nomidan yozilgan xat, ariza yoki boshqa anonim xabarlar jinoyat ishini qo’zg’atish uchun sabab bo’la olmaydi (O’zR JPK, 321-338-moddalar).