Jinoyat protsessi

Jinoyat protsessi — jinoyat ishini tergov qilish va sudda ko’rish vaqtida surishtiruv, tergov, prokuratura organlari va sud bajaradigan harakatlar jarayoni. Jinoyat protsessi, odatda, ish qo’zg’atilgandan to hukm chiqarilguncha davom etadi, ba’zan esa hukmni qayta ko’rish va uning ijrosi masalalarini hal qilishni ham o’z ichiga oladi. Jinoyat protsessi jinoyatlarni ochish va jinoyatchilarni jazolash uchun xizmat qiladi; barcha fuqarolarning qonun va sud oldida tengligi, sudning mustaqilligi va faqat qonunga bo’ysunishi, sudlov ishlari oshkora va ko’pchilikni tashkil etgan aholi tilida olib borilib, bu tilni bilmaganlarga tarjimon yordam berishi, ayblanuvchi o’zini himoya qilish huquqiga ega bo’lishi kabi demokratik tamoyillarga asoslanadi. Mansabdor shaxslarning Jinoyat protsessida vakolatlari qonun bilan tartibga solinadi. Ular Jinoyat protsessida ishtirok etadigan ayblanuvchi, jabrlanuvchi, guvoh, ekspert va boshqalarning o’z huquqlaridan to’liq foydalanishlari va majburiyatlarini to’la bajarishlari uchun mas’uliyatli. Surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sudyaning o’z vakolati doirasidan tashqari chiqishi, qonunda belgilanmagan harakatlarni qilishi, shuningdek, ayblanuvchi va jabrlanuvchilar huquqining asossiz chegaralanishi — tergov xulosalarining noto’g’ri deb hisoblanishiga, hukmning bekor qilinishiga sabab bo’ladi.