Jinoyat tarkibi

Jinoyat tarkibi — jinoyat huquqida qonunda ko’zda tutilgan, qilmishni jinoyatning muayyan bir turi sifatida xarakterlovchi alomatlar yig’indisi; jinoiy javobgarlikning zaruriy asosi, ijtimoiy xavfli qilmishning jinoiyligini aniqlash vositasi. O’zbekiston Respublikasi JKning 16-moddasida ko’rsatilganidek, qilmishda JKda nazarda tutilgan jinoyat tarkibining barcha alomatlari mavjud bo’lsagina, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos topiladi. Har qanday tayin Jinoyat tarkibi ob’yektiv va sub’yektiv alomatlar yig’indisidan iborat. Jinoyatning nimaga qarshi qaratilgani — Jinoyat ob’yekti, uning o’zi sodir etilishi — ob’yektiv tomoni, shaxsning qanday harakat yoki harakatsizlik bilan sodir etilayotgan jinoiy harakatga psixik munosabati, ya’ni jinoyatning qastdan yoki ehtiyotsizlik bilan qilinishi — sub’yektiv tomoni, jinoyat kim va qanday shaxs tomonidan qilinganligi — jinoyat sub’yekti hisoblanadi. Ana shu alomatlar aniq bo’lmasa, Jinoyat tarkibi ham to’la bo’lmaydi. Jinoyatni sodir qilish paytida qonunda belgilangan yoshga to’lgan va aqli raso shaxs jinoyat sub’yektidir. Masalan, o’g’irlik va talonchilik qilish paytida 14 yoshga, ehtiyotsizlikdan odam o’ldirish va firibgarlik sodir etgan paytda 16 yoshga, pora olgan paytda 18 yoshga to’lgan shaxslar javobgar bo’la oladi.