Jinsiy ko’payish

Jinsiy ko’payish — urg’ochi va erkak jinsiy hujayralar — gametalarning qo’shilishidan hosil bo’ladigan zigotadan yangi organizmning rivojlanishi, organizmlar ko’payishining har xil shakllari. Jinsiy ko’payishda genetik jihatdan har xil gametalarning urug’lanish jarayonida qo’shilishi tufayli bir-biriga o’xshamaydigan organizmlar paydo bo’ladi, ya’ni urug’ning o’zgaruvchanligi ortadi. Evolyutsiya jarayonida Jinsiy ko’payishning kelib chiqishi gametalarning differentsiasiyasi va organizmlarda jinsiy belgilarning rivojlanishi bilan bog’liq. Jinsiy ko’payish barcha eukariotlar uchun xos bo’lsada, biroq hayvonlar va yuksak o’simliklarda ko’p uchraydi. Infuzoriyalar va ayrim bakteriyalar uchun xos bo’lgan kon’yugatsiya jarayoni ham irsiy material almashinuvidan iborat bo’lgani tufayli genetik jihatdan Jinsiy ko’payishga yaqin turadi. Jinsiy ko’payishning partenogenez shakli evolyutsion jihatdan keyinroq paydo bo’lgan. Hayvonlar orasida ayrim jinsli turlari bilan bir qatorda germafroditlar ham ko’p uchraydi. Gametalarning shakli, katta-kichikligi va harakatchanligiga binoan Jinsiy ko’payishning izogamiya, oogamiya, geterogamiya shakllari bo’ladi.