Jismoniy madaniyat
Jismoniy madaniyat — umum insoniy madaniyatning bir qismi, inson salomatligini mustahkamlash, jismoniy qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan ijtimoiy faoliyat sohasi. Jamiyatdagi Jismoniy madaniyat holatining asosiy ko’rsatkichlari: odamlarning sog’lomligi va jismonan chiniqqanligi, Jismoniy madaniyatning tarbiya va ta’lim sohasida, ishlab chiqarishda, turmushda qay darajada tatbiq qilinayotganligi, sportdagi yutuqlar va hokazolar. Jismoniy madaniyat xalq o’yinlari, jismoniy mashqlar, sportni va turizmning faol harakat talab qiladigan ko’rinishlarini o’z ichiga oladi. Jismoniy madaniyat tibbiyot, ekologiya, pedagogika, psixologiya kabi fanlar bilan bog’liq holda shakllangan va rivojlangan. U jamiyat taraqqiyoti, odamlarning samarali mehnat qilishi, aqliy imkoniyatlarning ravnaq topishi, axloqiy poklanish, kelajak nasllarning jismoniy ahvoliga to’g’ridan-to’g’ri ta’sir o’tkazadi.