Jismoniy shaxs
Jismoniy shaxs (fuqarolik huquqida) — huquqiy munosabatlarning ishtirokchisi bo’lgan alohida fuqaro (chet el fuqarolari yoki fuqaroligi bo’lmagan shaxslar)ni ifodalovchi tushuncha. U jamoaviy tuzilma bo’lgan yuridik shaxsdan farq qiladi: Jismoniy shaxs bevosita o’z nomidan ish yuritadi — faoliyat yurgizishi uchun jamoaviy tuzilma — tegishli firma yoki korxonani qonunda belgilangan tartibda ro’yxatdan o’tkazishi shart emas, Jismoniy shaxsning huquq va muomala layoqatining vujudga kelishi hamda barham topishi tartibi ham yuridik shaxslardan farqlanadi. Jismoniy shaxs mulk huquqi asosida mol-mulkka ega bo’lishi, uni meros qilib olishi va vasiyat etib qoldirishi; bankda o’z jamg’armalarini saqlashi; tadbirkorlik, dehqon (fermer) xo’jaligi bilan, qonunda taqiqlanmagan boshqa faoliyat bilan shug’ullanishi; yollanma mehnatdan foydalanishi; yuridik shaxs tashkil etishi; shartnoma, bitimlar tuzishi va majburiyatlarini bajarishi; o’ziga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararning qoplanishini talab qilishi; mashg’ulot turini va yashash joyini tanlashi; fan, adabiyot va san’at asarlari, qonun bilan qo’riqlanadigan boshqa intellektual faoliyat samaralarining muallifi huquqiga ega bo’lishi mumkin. O’zbekiston Respublikasida fuqarolar — Jismoniy shaxslarning huquq va burchlariga oid qonun-qoidalar FK da belgilab berilgan (16-38-moddalar).