Jismoniy tarbiya, badan tarbiya

Jismoniy tarbiya, badan tarbiya — sog’liqni mustahkamlashga, odam organizmini uyg’un ravishda rivojlantirishga qaratilgan umumiy tarbiyaning uzviy qismi. Jamiyatdagi jismoniy madaniyat ahvolini bildiruvchi ko’rsatkichlardan biri. Jismoniy tarbiyaning asosiy vositalari: jismoniy mashg’ulotlar, organizmni chiniqtirish, mehnat va turmush gigienasi. Jismoniy tarbiya aqliy, axloqiy, mehnat va estetik tarbiya bilan qo’shib olib boriladi. Ibtidoiy davrdan boshlab Jismoniy tarbiyaga alohida e’tibor qaratilgan. Dastlab u jismoniy mashqlar, turli o’yinlar, mehnat jarayonlari, ovchilik, harbiy harakatlarga o’xshatilgan musobaqalar va sinovlar shaklida mavjud bo’lgan, turli marosimlarni aks ettirgan. Keyinchalik yoshlarni qilichbozlik, chavandozlik, kamondan otish, yakkama-yakka kurash mahoratiga o’rgatish jamiyatning asosiy vazifalaridan biriga aylana borgan. Uyg’onish davrida Jismoniy tarbiyaga e’tibor yanada kuchaydi. Gumanistlar Jismoniy tarbiyani o’quv dasturiga kiritishga uringanlar. Jismoniy tarbiyaga o’rta asrlarda Yevropada oilaviy tarbiya va maktabdagi pedagogik jarayonning muhim qismi sifatida qarala boshlandi. J. J. Russo «Emil, yoki tarbiya to’g’risida» deb atalgan pedagogik risolasida Jismoniy tarbiyaning bolalarning aqliy kamoloti va mehnat tarbiyasidagi ahamiyatini ta’kidlagan. 18-asrda asosan Russo g’oyalari ta’sirida Germaniyada paydo bo’lgan «insonparvarlik va yaxshi xulq maktablari» — filantropinlar Jismoniy tarbiyaning shakl va uslublarining takomillashuviga olib keladi. Gimnastika mashqlari maktab dasturlaridan mustahkam o’rin oladi. 19-asr oxiri va 20-asr boshida Frantsiya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda Jismoniy tarbiyaning milliy tizimlari tarkib topdi. O’zbekistonda Jismoniy tarbiyaga juda qadimdan salomatlikni mustahkamlashning asosiy vositasi deb qaralgan. Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asarida 100 dan ziyod xalq o’yinlari to’g’risida ma’lumot berilgan. «Alpomish» o’zbek xalq qahramonlik dostoni, Alisher Navoiyning «Farxod va Shirin», Zayniddin Vosifiyning «Badoe ul-vaqoe» («Nodir voqealar»), Boburning «Boburnoma» asari va boshqalarda jismoniy, jangovar mashqlar, kuchlilik bahs-munozaralarining xilma-xil namunalaridan hikoya qilinadi. O’zbekistonda mustaqillik yillariga kelib Jismoniy tarbiya va sport davlat siyosati darajasiga ko’tarildi. 1992 yilda (2000 yilda esa yangi tahrirda) «jismoniy tarbiya va sport to’g’risida»gi qonunning qabul qilinishi, 1993 yilda sog’lom avlod davlat dasturining ishlab chiqilishi, Vazirlar Mahkamasining sportning alohida turlarini rivojlantirishga oid va nihoyat 1999 yilda «O’zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi qarori Jismoniy tarbiyaning huquqiy asoslarini yaratdi. Jismoniy tarbiyaning keng tarmoqli tizimi: oilaviy-maktabgacha davr (chaqaloqlikdan boshlab bog’cha yoshidagi), maktab yoshi, o’rta maxsus va oliy ta’lim davri hamda katta yoshdagi (erkak va ayol)lar Jismoniy tarbiyasini o’z ichiga oladi. O’zbekistonda umumta’lim maktablaridagi Jismoniy tarbiya pedagogik jarayon hisoblanib, Jismoniy tarbiya darslari, sport sektsiyalaridagi mashg’ulotlar orqali amalga oshiriladi. «Umumiy o’rta ta’lim maktablari uchun jismoniy tarbiyadan davlat ta’limi standarta» bo’yicha 1 — 9-sinflarda haftasiga 2 soatdan Jismoniy tarbiya darslari joriy etilgan. O’quvchi-yoshlar o’rtasida Jismoniy tarbiyani yanada ommalashtirish va ularning salomatligini mustahkamlash maqsadida 1999 yilda maxsus test sinovlari ishlab chiqildi. Mazkur testlarni muvaffaqiyatli topshirganlar uchun 3 darajali «Alpomish» va «Barchinoy» nishonlari ta’sis etildi. 1.588.298 nafar o’quvchi mazkur testlarni muvaffaqiyatli topshirdi (2002). Shuningdek, maktab o’quvchilari uchun «Umid nihollari», litsey-kollej o’quvchilari uchun «Barkamol avlod», oliy o’quv yurti talabalari uchun «Universiada» ommaviy musobaqalarini har 2 yilda o’tkazish yo’lga qo’yildi. Xalq o’yinlari va ommaviy sport turlari bo’yicha Har 2 yilda «Alpomish o’yinlari» festivali hamda «To’maris o’yinlari» o’tkazib kelinadi. Jismoniy tarbiyaning ilmiy-amaliy asoslari va shu soha mutaxassislari O’zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti, oliy o’quv yurtlarining fakultetlari hamda bo’limlarida tayyorlanadi. Respublikada 6 ta Olimpiya o’rinbosarlari bilim yurti, 8 ta oliy sport mahorati maktabi va 369 ta bolalar-o’smirlar maktabida ham o’quvchilarga Jismoniy tarbiyadan saboq beriladi. «Yoshlik» ko’ngilli sport tashkiloti, «Vatanparvar» mudofaaga ko’maklashuvchi tashkiloti, «Dinamo» sport klubi kabi sport jamiyatlari aholining turli qatlamlarini Jismoniy tarbiya mashg’ulotlariga jalb etishga xizmat qiladi. Asror Mo’minov.