«Jizzax haqiqati»
«Jizzax haqiqati» — Jizzax viloyati hokimligining ijtimoiy- siyosiy gazeta. Jizzax shahrida o’zbek tilida haftada 2 marta chiqadi. Gazetaning birinchi soni 1974 yil 1 mayda nashr etilgan. Taniqli jurnalistaar Islom Usmonov, Nushar Qarshiboyev, Xolmuhammad Nurullayev va boshqalar o’z faoliyatlarini mazkur gazetada boshlaganlar. Gazeta viloyat hayotini, undagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarni yoritadi. Uning sahifalarida Jizzax Dashti, Zomin, Forish cho’llarini kompleks o’zlashtirish, marjon buloq oltin koni, Forish temir va qo’rg’oshin konlarini, Jizzax akkumulyator zavodi, plastmassa quvurlari zavodi, ip yigiruv fabrikasi kabi korxonalarning qurilishi va ishga tushirilishi haqida maqolalar berilgan. Bundan tashqari, qishloq madaniyatini rivojlantirish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish, mamlakatda huquqiy demokratik davlat barpo etish, mamlakat va viloyat miqyosidagi sport yangiliklarini keng yoritish mazkur gazetaning doimiy mavzularidir. Gazeta tahririyati tashabbusi bilan 1974 yilda tashkil etilgan ishchi va qishloq muxbirlari xalq universitetini 1800 tinglovchi bitirdi (2001). Gazetaning mahalliy boshqaruv, ijtimoiy masalalar va ma’naviyat, iqtisodiyot, agrosanoat, Qonunchilik va huquq tartibot, xatlar va ommaviy ishlar bo’limlari bor. Adadi 7000 nusxa (2002).