Jizzax tumani

Jizzax tumani — Jizzax viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. Shimolda viloyatning Forish, Zafarobod, Paxtakor tumanlari, g’arbda G’allaorol tumani, Sharqda Zarbdor, Zomin tumanlari, Janubda Baxmal tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,44 ming km2. Aholisi 142,3 ming kishi (2001). Jizzax tumanida 13 qishloq fuqarolari yig’ini (Gandumtosh, Ittifoq, Oxunboboyev, Oqoltin, Paxtaobod, Ravot, Samarqandquduq, Tokchilik, Uchtepa, Xayrobod, Qulama, Qo’shbarmoq, Hamzaobod) bor. Markazi — Uchtepa qishlog’i. Tabiati Jizzax tumani relefi past-tekislik, qir va tog’lardan iborat. G’arbida Qo’ytosh va Janubda Molguzar tog’ tizmalari joylashgan. Foydali qazilmalardan volfram, ohaktosh va boshqa;ar bor. Iqlimi keskin kontinental. Iyulning o’rtacha temperaturasi 28-30°, yanvarniki -2 dan -4° gacha, yiliga o’rtacha 425 mm yog’in tushadi. Vegetatsiya davri 210-215 kun. Asosan bo’z, och bo’z tuproqlar tarqalgan. Tuman Sangzor daryosi va Tuyatortar kanali orqali Zarafshondan sug’oriladi. Jizzax tumanidan ravotsoy va bir necha kichik soylar oqib o’tadi. Yovvoyi o’simliklardan yantoq, sho’ra, shuvoq, qiyoq qamish, yulg’un, g’umay, ituzum va boshqalar o’sadi. Bahorda qirlardan yaylov sifatida foydalaniladi. Yovvoyi hayvonlardan tulki, bo’ri, chiyabo’ri, quyon, kalamush, toshbaqa, ilon, kaltakesak, qushlardan kaptar, qarg’a, mayna, chug’urchiq, kalxat yashaydi. Aholisi asosan o’zbeklar; shuningdek, qozoq, eroniy, tojik, lo’li, qirg’iz, rus, boshqalar yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 98,8 kishi to’g’ri keladi. Xo’jaligi. Tuman, asosan paxta yetishtirishga ixtisoslashgan. G’allachilik, bog’dorchilik, sabzavotchilik bilan ham shug’ullaniladi. Jami ekin maydoni 41,1 ming gektar, shu jumladan g’alla ekinlari 22 ming gektar, paxta 12 ming gektar, sabzavot 882 gektar, poliz ekinlari 1,3 ming gektar, yem-xashak ekinlari 3,4 ming gektar, bog’lar 648 gektar, tokzorlar 329 gektar yerni tashkil qiladi. Barcha xo’jaliklarda 25,1 ming qora mol, 40,6 ming qo’y va echki, 1,5 ming ot bor. Tumanda «Jizzax don mahsulotlari» aktsiyadorlik jamiyati, shuningdek, uchtepa non kombinati va mahsulotlarni qadoqlash korxonasi faoliyat ko’rsatadi. 4 Avtokorxona mavjud. Uchtepa yengil sanoat va kasb-hunar kollejlari (500 talaba), litsey, 2 musiqa maktabi, 52 umumiy ta’lim maktabi (33,4 ming o’quvchi), 40 jamoat va bolalar kutubxonalari (392 ming kitobga ega), muzey, stadion bor. 3 qishloq kasalxonasi, maxsus dispanser, 2 qishloq vrachlik punkti, 32 feldsher-akusherlik punkti bo’lib, ularda 166 vrach, 898 o’rta tibbiy xodim ishlaydi. «Jizzax ovozi» tuman gazetasi chiqadi (adadi 2000).