Jo’jixon, Jo’chi, Jo’ji, Chjochi
Jo’jixon, Jo’chi, Jo’ji, Chjochi (taxminan 1184-1227) — mo’g’ullarning yirik sarkardasi, Chingizxonning katta o’g’li; uning harbiy rejalarini ro’yobga chiqargan. Rivoyatlarga ko’ra, Chingizxonning xotini Borte (Bo’rta fujin) homiladorlik paytida Markit qabilasi tomonidan asirlikka olingan. Keyinchalik uni asirlikdan xalos etishgach, Jo’jixon tug’ilgan. Abulg’oziy Bahodirxonning yozishiga ko’ra, «Jo’chi»ning ma’nosi «mehmon» bo’lgan («Shajarayi turk», 47-6.). Jo’jixon Xitoy (1211 — 15), O’rta Osiyo (1219-21), Dashti Qipchoqni bosib olishda faol ishtirok etgan. Jo’jixon boshchiligidagi 20 ming nafar mo’g’ul qo’shini Irg’iz daryosi bo’yidagi jangda Muhammad Xorazmshohning 60 minglik qo’shini bilan jang qilgan, bu Islom lashkarlarining mo’g’ullar bilan dastlabki to’qnashuvi bo’lgan. Faqatgina Jaloliddin Manguberdinmng harbiy mahoratigina Xorazmshoh qo’shinini mag’lubiyatdan saqlab qolgan. Chingizxon qo’shini O’rta Osiyoga yurish qilganda otasi Jo’jixonni Sirdaryo bo’yidagi Jand, O’zgand, Sig’noq kabi shahar, qal’alarni egallashga buyurgan. Jo’jixon bu qal’alarni olgach, ukalari Chig’atoy va O’ktoyxon bilan birgalikda Xorazm poytaxti Urganchnsh qamal qilgan, shaharni yetti oylik janglardan so’nggina egallagan. Chingizxon mo’g’ullar zabt etgan yerlarni o’g’illariga taqsimlab berganida (1224) Jo’jixonga Irtishdan Uralgacha va undan G’arbga tomon cho’zilgan yerlar mulk qilib berilgan. Jo’jixon Sharqiy Yevropaga qilmoqchi bo’lgan harbiy yurishi boshlanmasidan oldin vafot etgan; ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Jo’jixonni Markaziy hokimiyatdan ajralib chiqmoqchi ekanlikda gumonsiragan Chingizxon maxfiy buyruq berib qatl ettirgan. Jo’jixonning qabri Jezqazg’an shahri (Qozog’iston)dan 45 kilometr shimol-Sharqda, Qora-Kengir daryosining so’l qirg’og’ida joylashgan. Faxriddin Hasanov.