Jomboy

Jomboy — Samarqand viloyatidagi shahar (1977 yildan). Jomboy tumani markazi. Tumanning Janubiy-Sharqiy qismida, temir yo’l stantsiyasi yonida joylashgan. Jomboy etnik urug’ nomidan kelib chiqqan. Jomboydan Samarqandgacha 13 kilometr. Aholisi qariyb 14 ming kishi (2000). Jomboyda 4 umumiy ta’lim maktabi, maishiy xizmat kolleji, hunar litseyi, Akrologiya va parazitologiya ilmiy tadqiqot instituti, 2 kutubxona, madaniyat uyi, Motamsaro ona xiyoboni, o’lkashunoslik muzeyi bor. Shaharga kiraverishda ramziy darvoza o’rnatilgan. 1502 yilda Shayboniyxon Buxorodan Samarqandga qaytishida Zarafshon daryosining Jomboydan o’tuvchi qismida 7 ravoqdan iborat ko’prik qurdirgan. Zamonlar o’tishi bilan ravoqlar buzilib, 19-asrning 40-yillarida 3 ta ravoq butun qolgan. Hozirgi ko’prikning birgina ravog’i saqlangan. 1899 yil Jomboy orqali temir yo’l o’tkazilgan. Jomboyda 1911 yilda Mahmudxo’ja Behbudiy tashabussi bilan yangi usulda maktab ochilgan.