Jon

Jon — insonning ichki dunyosi to’g’risidagi qarashlarni ifodalovchi tushuncha. Bu tushuncha tarixan o’zgarib turgan. Kelib chiqishi inson va hayvon tanasida yashaydigan, uyqu vaqtida yoki o’lgan vaqtda tanadan chiqib ketadigan alohida kuch haqidagi ibtidoiy tasavvurlarga borib taqaladi. Ibtidoiy odamlarning tasavvurida Jon qandaydir moddiy narsa (soya, qon, nafas va boshqalar) deb qaralgan. Diniy tushunchalarga ko’ra, Jon — qandaydir jismsiz, o’lmaydigan, tanadan mustaqil holda yashay oladigan nomoddiy kuchdir. Kishi tanida bo’lganda unga hayot baxsh etadi, u hech qachon o’lmaydi, uni Xudo ato qiladi va Xudo qaytib oladi. So’ng narigi dunyoda abadiy yashaydi. Tush ko’rish ham Jonning tanadan vaqtincha ko’chishi bilan izohlanadi. Jon haqidagi fikrlar Sharq falsafasida ham keng tarqalgan. Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd ta’limotlarida u inson tanasi bilan uzviy bog’liq holda talqin etilgan. Forobiy Jonni tanadan mustaqil ajratib qo’yishni, uni tanadan tanaga ko’chib yuradi, degan ta’limotni tanqid qildi. Koinotning yoppasiga jonliligi g’oyasi (gilozoizm) olamiy Jon haqidagi ta’limotning asosi bo’ldi (Platon, neoplatonizm). Aristotel Jonni tirik tanadan ajralmaydigan, faol maqsadga muvofiq ibtido («shakl») deb bilgan. Panteistik qarashlarda Jon yagona ruhiy substantsiyaning alohida ko’rinishi sanaladi. Dekartning dualistik metafizikasi Jon va tanni ikki mustaqil substantsiyaga ajratadi. Hozirgi zamon psixologiyasida Jon g’ayrishuuriylikni bildiradigan tushuncha sifatida ishlatiladi.