Jo’rabek, Jo’rabek dodxoh Qalandar o’g’li

Jo’rabek, Jo’rabek dodxoh Qalandar o’g’li (taxminan 1840-1906.25.1, Toshkent) — Buxoro amirligi tarkibidagi kitob begi (1862-70), harbiy arbob, ma’rifatparvar, rus armiyasi generali (1901). 1852-53 yillardan Amir Nasrullo xizmatida. 1856 yil Jo’rabek to’qsobo Amir tomonidan kitob begi Olloyorbek xizmatiga yuborilgan. 1861 yilda Amir Muzaffar tomonidan kitobga hokim qilib tayinlangan Zokirbek yuritgan siyosat xalqning norozilik chiqishlariga sabab bo’ladi va uning o’rniga xalq xohish-istagiga ko’ra Jo’rabek hokimlikka ko’tariladi. Jo’rabekning hokimlik qilgan davrida beklikning Buxoro amirligidan siyosiy va iqtisodiy mustakilligi kuchaya boradi. Beklikning iktisodiy tizimi: savdo-sotiq, soliqlar, ekin-tikin masalalari tartibga solinadi. Yo’llar, mudofaa inshootlari tartibga keltiriladi. Buxoro va Qo’qon xonliklarida quvg’inga uchragan siyosat va madaniyat arboblari shu beklikdan panoh topishadi. O’rta Osiyoga chorizm bosqini boshlangan davrda Jo’rabek bosqinchilarga qarshi qat’iy kurash pozitsiyasida turgan. Buxoro amiri rus armiyasi tajovuzlariga qarshi mudofaaga tayyorgarlik ko’rayotgan bir davrda Jo’rabek Shahrisabz hokimi Bobobek bilan birgalikda Amir Muzaffardan o’zaro nizolarni unutishni so’rab va yog’iyga qarshi jihodga barcha musulmonlar bilan bir safda turib kurashish istagini bildirib maktub yo’llashadi. Ammo ularning bu istagi amirning ularga ishonchi bo’lmaganligi tufayli ijobatsiz qoladi. Jo’rabek amirning bosqinchilarga nisbatan yuritgan taslimchilik, keyinchalik esa kelishuvchanlik siyosatidan norozi bo’lgan kuchlarga boshchi sifatida siyosiy maydonga kelgan Abdumalik to’ra harakatining faol ishtirokchilaridan biriga aylanadi. 1868 yil 1-8 iyun kunlari Samarqandni rus qo’shinlaridan qaytarib olish maqsadida amalga oshirilgan shahar qamali rahbarlaridan biri. Ba’zi zamondoshlari fikriga ko’ra, muvaffaqiyatsiz tugagan Samarqand qamali Jo’rabek tomonidan ishlab chiqilgan Vatanni ozod qilish rejasining tarkibiy qismi bo’lgan. 1870 yil 14 avgustda Shahrisabz va kitob bekliklari chor armiyasi tomonidan bosib olinganidan keyin Jo’rabek Bobobek bilan birga Qo’qon xonligi orqali Qashqarga qochishga urinadi, lekin Xudoyorxon tomonidan tutib Turkiston general-gubernatori K. P. fon Kaufmanga topshiriladi. 1870-1906 yillar mobaynida Jo’rabek Toshkentda yashab, o’lka ijtimoiy-siyosiy xayotida ishtirok etadi. 1871-82 yillarda Turkiston general-gubernatorligi ma’muriyatida tarjimonlik qiladi. Chor armiyasining Qo’qon xonligini tugatish maqsadida amalga oshirgan yurishlarida ishtirok etadi. K. P. fon Kaufmandan keying davrda o’lkani boshqargan general-gubernatorlar davrida o’zining o’lka ustidan rus hukmronligi to’g’risidagi, mahalliy aholining ayanchli ahvoli borasidagi keskin fikrlari uchun faol siyosiy faoliyatdan bir qadar chetlashtiriladi. 1895 yilda Toshkent shahri Dumasining a’zosi sifatida Bobobek bilan birga Nikolay II ning taxtga o’tirishi munosabati bilan unga tabriknoma va sovg’a-salom yuborilishiga qarshi chiqqan. Ilm-ma’rifatga katta ahamiyat bergan. Sharq qo’lyozmalarining, xususan, nodir asarlarning boy kutubxonasiga ega bo’lgan. Sharq tillari hamda rus tilini yaxshi bilgan. 1876 yil Peterburgda bo’lib o’tgan sharqshunoslarning 3-xalqaro Kongressida qatnashib ma’ruza qilgan. 1902 yilda Turkistonga tashrif buyurgan jadidlar yetakchisi I. Gasprinskiy bilan uchrashadi. Jadidlar bilan hamfikr bo’lgan Jo’rabek «Tarjimon» gazetasining Turkistondagi faollaridan biriga aylanadi. O’zbek mutafakkir shoiri Furqat bilan do’stona munosabatda bo’lgan. Rossiyada 1905 yil yanvarda boshlangan voqealar tufayli Turkiston xalqlari orasida sodir bo’lgan ko’tarilishlar davrida Toshkentda Jo’rabek boshchiligida bir necha marta xalq yig’inlari o’tkaziladi va ularda mamlakatda vujudga kelgan vaziyatdan foydalangan holda o’lkani chidab bo’lmas og’ir ahvoldan qutqarish choralarini ko’rish masalasi kun tartibiga qo’yiladi. Jo’rabek sirli tarzda o’ldirilgan. Ad.: Yusupov Sh., Xudoyorxon va Furqat, T., 1995. Baxtiyor Yoqubov.