Jubanov Ahmad Quanovich

Jubanov Ahmad Quanovich [1906.16(29).4, Qozog’istonning hozirgi Oqto’ba viloyati — 1968.30.5, Olmaota] — qozoq musiqashunosi, kompozitor va dirijyor. Qozoq kompozitorlik musiqasi va musiqashunosligining asoschilaridan. Qozog’iston xalq artisti (1944). Qozog’iston Fanlar Akademiyasining akademigi (1946), Olma-Ota konservatoriyasining professori (1947). Leningrad konservatoriyasini tugatgan (1932). Qo’rmong’ozi nomidagi qozoq xalq cholg’ulari orkestrining tashkilotchisi va dirijyori (1934-45). San’at institutida xalq cholg’ulari kafedrasining mudiri (1945-47; 1954-61), rektor (1945-62), Avezov nomidagi adabiyot va san’at ilmiy tadqiqot institutidagi musiqa bo’limi mudiri (1961-68). Qozoq xalq musiqasi haqidagi kitob, ocherk va maqolalar muallifi. «Abay» va «To’legen To’xtarov» (ikkalasi L. Hamidi bilan) operalari, uvertyurafantaziya, «Abay» simfonik poemasi, qozoq cholg’ulari uchun syuitalar, fortepiano uchun pesalar, qo’shiq va romanslar, spektakl va kinofilmlarga musiqalar yozgan.