Jukov Georgiy Konstantinovich

Jukov Georgiy Konstantinovich [1896.19.11 (1.12), Kaluga viloyati, Strelkovka qishlog’i — 1974.18.6, Moskva] — harbiy arbob, sarkarda. Sobiq Ittifoq marshali (1943), to’rt marta Ittifoq Qahramoni (1939, 1944, 1945, 1956) Xalxingol daryosi bo’yidagi jangda qatnashgan (1939). Kiyev harbiy okrugi qo’shinlari qo’mondoni (1940 yildan). 1941 yil yanvar—iyulda Bosh shtab boshlig’i — SSSR Mudofaa xalq komissari o’rinbosari. Jukov 2-jahon urushida nemis-fashist bosqinchilarini tor-mor keltirishda muhim rol o’ynagan: Moskva va Leningrad janglari (1941 — 42), Leningrad qamalini yorib o’tish, Stalingrad va Kursk janglari (1942— 43), o’ng qirg’oq Ukrainasidagi hujum, Belorussiya operatsiyasi (1943-44), Visla-Oder va Berlin operatsiyalari (1944-45) da o’zining mohir sarkarda ekanligini ko’rsatgan. 1942 yil avgustdan urushning oxirigacha Mudofaa xalq komissari o’rinbosari, Oliy Bosh qo’mondon o’rinbosari. Oliy Bosh qo’mondon nomidan 1945 yil 8 mayda fashistlar Germakiyasining so’zsiz taslim bo’lganlik (kapitulyasiya) haqidagi hujjatni qabul qilgan. 1945-46 yillar Germaniyadagi sovet qo’shinlari guruhi bosh qo’mondoni va Sovet harbiy ma’muriyati boshlig’i. 1946 yil martdan quruqlikdagi qo’shinlar bosh qo’mondoni, SSSR Qurolli kuchlar vaziri o’rinbosari. Shu yilning o’zida I. V. Stalin tomonidan ishdan chetlatilgan. 1946 yil iyundan Odessa harbiy okrugi, 1948 yildan Ural harbiy okrugi qo’shinlari qo’mondoni. 1953 yildan SSSR mudofaa vaziri 1-o’rinbosari, 1955 yildan mudofaa vaziri. 1956-57 yillarda KPSS MK Prezidiumi a’zoligiga nomzod, a’zosi. 1957 yil okt.dan N. S. Xrushchev ko’rsatmasiga binoan vazifasidan ozod qilingan. 1958 yil Qurolli Kuchlar saflaridan bo’shatilgan. As: Vospominaniya i Razmishleniya, 10-izd., t. 1-3, M., 1990.