Junaydxon Qurbon Mamed

Junaydxon Qurbon Mamed (Muhammad) Sardor (1857, hozirgi Taxta tumani, Turkmaniston — 1938, Hirot atrofi, Afg’oniston) — istiqlolchilik harakati namoyandalaridan. Mustamlakachi chor Rossiyasi hamda sho’ro qo’shinlariga qarshi kurashgan. Yovmut qabilasi Bayramali urug’ining Junayd tarmog’iga mansub. Nizoli masalalarni adolatli hal qilganligi va jasurligi uchun turkmanlar orasida uning shuhrati keng yoyilgan. U uzoq yillar mobaynida o’z urug’ining mirobi, qozisi, oqsoqoli, harbiy boshlig’i bo’lgan. Chorizmning Xiva yurishlari paytida yosh Qurbon Mamed turkman yovmut yigitlari qatorida rus bosqinchilariga qarshi janglarda qatnashgan. Asfandiyorxon Junaydxonni Turkman qabilalarining sardori etib tayinlagan (1915). Turkman oqsoqollari uni Junaydxon deb e’lon qilishgan. Turkman davlatini tuzish maqsadida Junaydxon Xivaga yurish qilgan (1916). Xivani egallagan Junaydxon qo’shini xondan katta miqdorda tovon puli olgach, 15 Fevralda poytaxtni tark qiladi. Turkiston harbiy gubernatori zudlik bilan Xivaga Toshkentdan general Galkinning jazo otryadini yuboradi. 16 martda G’azovotda Junaydxon qo’shini ruslardan yengilgach, Qoraqumga chekingan, so’ngra Eron va Afg’onistonga o’tib ketgan. Junaydxon 1917 yil yozida Xorazmga qaytib kelib, siyosiy hokimiyat uchun kurashni davom ettirgan. 1918 yil 10 yanvarda Asfandiyorxon Junaydxonni Xivaga taklif qilib, xonlik qo’shinlarining bosh qo’mondoni qilib tayinlashga majbur bo’lgan. Junaydxon 1918 yil oktabrda Asfandiyorxonga suiqasd uyushtirib, uni o’ldirgan va xonning akasi Sayd Abdullaxonni Xiva taxtiga o’tqazgan, amalda Junaydxon xonlikning mutlaq hukmdoriga aylangan. Rossiyaga (1918 yil yanvar — 1920 yanvar) qaram bo’lgan Xiva xonligi amalda mustaqil davlatga aylangan. Junaydxon 1918 yil o’rtalari — 1920 yil yanvarda sho’ro qo’shinlariga qarshi keskin kurash olib borgan, biroq mag’lubiyatga uchrab cho’lga chekingan. Xivada xonlik tuzumi ag’darilib Xorazm Xalq Sovet Respublikasi (XXSR) tuzilgan. Junaydxon turkman, o’zbek, qoraqalpoq, qozoqlardan iborat 30 ming kishilik qo’shin tuzib kurashni davom ettirgan. Sho’ro hukumati Junaydxonga qarshi kurashda boshqa turkman sardorlari Qo’shmamadxon va G’ulomalixonlarni jalb qilgan. Natijada 1920 yil avgustda ular Junaydxon qo’shiniga zarba berishgan. Junaydxon Turkistondagi istiqlolchilik harakati kuchlarini yagona qo’mondonlik ostiga birlashtirish maqsadida 1922 yil boshida Anvar Posho va Farg’onadagi qo’rboshilar bilan aloqa o’rnatgan. U o’z qo’shinida qattiq tartib intizom o’rnatdi va xorijdan zamonaviy qurollar sotib oldi. Junaydxon 1922 yil aprelda Porsu qal’asini qizillardan ozod qilgan. 1923 yil dekabrda Pitnak, Hazorasp, Bog’ot, Xonqa tumanlarida sho’ro tuzumiga qarshi dehqonlarning ommaviy qo’zg’olonlari boshlangan. Junaydxon qo’zg’olonchilarga madad berish uchun 15 ming kishilik qo’shini bilan Xivani g’arbdan qurshovga olgan (1924 yil 10 yanvar) Sho’ro hukumati unga qarshi butun vositalarini ishga solib fevral boshlarida Xivaga Toshkent, To’rtko’l, Aktyubinsk (Oqto’ba)dan qo’shimcha kuch tashlagan, Junaydxon Afg’onistonga chekinish (1924.17.6) ga majbur bo’lgan. Biroq shu yilning kuzida Xorazm vohasiga qaytib kurashni davom ettirgan. Turkmaniston SSR Sovetlarining 1-s’yezdi yangi hukumat boshlig’i Q. Otaboyevning qat’iy talabi bilan Junaydxon va uning safdoshlarini afv etgan (1925 yil Fevral). Biroq Junaydxon 1927 yil 19 sentabrda Toshhovuz okrugidagi Oqtepada sho’ro hokimiyatiga qarshi qo’zg’olon ko’targan. Turkmaniston XKS va MIK darhol Junaydxonni qonundan tashqari deb e’lon qilgan. Junaydxon lashkari Toshxovuz okrugi taxta va Ko’hna Urganch tumanlaridagi ko’plab ovullarda sho’ro hokimiyatini tugatishgan. Tengsiz janglarda Junaydxon mag’lubiyatga uchragan bo’lsada, S. M. Budyonniyning saralangan maxsus otliq qo’shini uni qo’lga tushira olmagan. Junaydxon Xorazm vohasida ayrim tanaffuslar bilan 1931 yilgacha kurash olib borib, nihoyat Eron orqali Afg’onistonga o’tib ketgan. Ad.: Yusupov P., Yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 2000; Rajabov Q. K., Mustaqil Turkiston fikri uchun mujodalalar. T., 2000; O’zbekistonning yangi tarixi, 2-kitob (O’zbekiston sovet mustamlakachiligi davrida), T., 2000; Turkestan v nachale XX veka: k istorii istokov nasionalnoy nezavisimosti, T., 2000; Xiva — ming gumbaz shahri, T., 1997; Validiy A. Z., Bo’linganni bo’ri yer (xotiralar), T., 1997. Qahramon Rajabov.