Juvoz

Juvoz (forscha — o’g’ir) — moyli o’simliklar urug’idan (Masalan, chigitdan) moy chiqaradigan dastgoq, moyjuvoz. Juvoz qanday o’simlik urug’idan moy ishlab chiqarishiga ko’ra bir necha xil bo’ladi, chunonchi: moy Juvoz, sholi oqlanadigani — objuvoz, qog’oz Juvoz Ulov (ot, ho’kiz) yoki suv kuchi bilan yuritiladi. Juvoz kunda, o’q, qayiq, gajak, yog’och (Mo’miq), to’g’in kabi qismlardan iborat bo’ladi. Kunda (uzunligi 3 metrcha, yo’g’on tomonining diametri 55-60 santimetr) o’rik, tut, qayrag’ochdan tayyorlanadi. Ingichka tomoni yerga 2 metrcha ko’milib, ustki gozasi o’g’ir shaklida o’yiladi va yukxona deb ataladi, unga chigit, kunjut, zig’ir, turli urug’ (qovun, kungaboqar va boshqalar), ya’ni xom ashyo solinadi. Yukxonaning o’rtasidan o’q uchi singari qilib g’azna o’yiladi. G’azna chuqurchasida o’qning aylanishi natijasida xom ashyodan sizib tushgan yog’ to’planadi. O’qni aylantirish uchun uning uchiga gajak (uzunligi 1,2 metrcha yog’och) biriktiriladi. Gajakning pastki uchi qayiq (uzunligi 1 metrcha, yo’g’on yuzasining bir tomoni o’yib ichiga tosh to’latilgan, ikki yonidagi teshiklariga kundani o’rab o’tgan to’g’inning uchlari qoqilgan qurilma) o’rtasidagi yog’och (Mo’miq)ga bog’lanadi. Juvozga qo’shilgan ulov yurganida qayiqni oldinga suradi, qayiq esa gajakni, gajak o’z navbatida o’qni aylantiradi, o’q xom ashyoni ezib, tarkibidagi moyni G’aznaga haydaydi. G’azna moyga to’lgach, juvozkash Juvozni to’xtatib, moyni oladi. Moy beruvchi o’simlik urug’laridan juvozlarda olinadigan moy Juvoz moyi deb ataladi (asosan zig’ir urug’idan tayyorlangani uchun zig’ir yog’i deb ham yuritiladi). Juvoz moyi kunjut, kungaboqar, qovun urug’i, chigit va yong’oq mag’izidan aralashtirib tayyorlanganda shifobaxsh ne’matga aylanadi. Qog’oz Juvozda eski uvada, yog’och kukuni va boshqalar ezib, un qilingan, so’ng qaynatib, undan qog’oz quyilgan. Juvoz haydaydigan kishi juvozkash, uning mashg’uloti, kasbi juvozkashlik deyiladi. Juvozkashlik qadim zamonlardayoq paydo bo’lgan O’rta Osiyo, xususan O’zbekiston qishloqlaridagi yirik dehqon xo’jaliklari moy ishlab sotish uchun, ba’zan mayda dehqon xo’jaliklari esa o’z ehtiyoji uchun shaxsiy juvozxonaga ega bo’lganlar. Yog’ va qog’oz sanoatining rivojlanishi tufayli juvozkashlik kasbi ancha susaydi. Hozir ham Juvoz uchrab turadi.