Juzg’un, Qandim
Juzg’un, Qandim (Calligonum) — torondoshlar oilasining bir turkumi. O’rta Osiyoda 45 ga yaqin turi bor, asosan, cho’llarda o’sadi. Bo’yi 50 santimetrdan 3 metrgacha. Mevasi quruq, 4-8 qanotchali, changchilari 12-18 ta. Barglari ko’rimsiz, uzunligi 5-7 millimetr, tasmasimon. Gullari oq, mayda, xushbo’y. O’zbekistonda, asosan, Qizilqumda va Markaziy Farg’ona qumlarida qora juzg’un (S. aphyllum), norjuzg’un (S. eriopodum), oq juzg’un (S. junceum), qizil juzg’un (S. caputmedusae) va boshqa turlari o’sadi. Juzg’unlar, asosan, ko’chma qumlarni to’xtatish uchun ekiladi. Ayrim turlari tarkibida oshlovchi moddalar va alkaloidlar bor. Juzg’unni mollar teydi. Manzarali o’simlik sifatida ham ekiladi.