«KABUL TEKSTAYLZ»
«KABUL TEKSTAYLZ» — Janubiy Koreyadagi korporatsiya. Aka-uka ishbilarmonlar cha-ka va cha-ol tomonidan 1950 yilda tashkil qilingan. Paxta tolasidan kalava ip, dag’al ip, gazlama, satin, chit matolar ishlab chiqaradi. Bosh idorasi Seul shahrida. «Kabul Tekstaylz»ning xorijda 6 ta vakolatxonasi (AQSh, Germaniya, Xitoy, Shri Lanka, Gongkong, O’zbekistonda), Koreyada 3 ta korxonasi, xorijda 10 ta qo’shma korxonasi bor. AQShda 1 (Los- Anjelesda), Xitoyda 4, Tojikistonda 1 (Xo’jand shahrida) va O’zbekistonda 3 (Toshkent, To’ytepa, Farg’ona shaharlarida) qo’shma korxona tashkil qilingan (2002). Janubiy Koreyadagi 3 ta korxonasida ip yigirish, to’qimachilik, gazlamaga gul bosish jarayonlari bajariladi, yalpi quvvati 300 ming urchuqdan iborat. Ishlab chiqariladigan mahsulot hajmi yiliga taxminan 200 million AQSh dollarini, har bir korxonada xodimlar soni 2000-2500 nafarni tashkil qiladi. O’zbekistonda qo’shma korxonalarni tashkil qilish uchun To’ytepadagi «kabul-To’ytepa LTD» qo’shma korxonaga (1996 yilda ishga tushirilgan) 107 million, Toshkent (Ko’kcha) dagi «kabul-O’zbek» qo’shma korxonaga (1999 yil) 114,9 million, Farg’onadagi «Kabul-Farg’ona» qo’shma korxonaga (2001y.) 115,0 million AQSH dollari miqdorida investitsiya kiritilgan. Toshkent, To’ytepa, Farg’onadagi korxonalarida ip yigiruv va to’qimachilik fabrikalari tashkil qilingan bo’lib, To’ytepada 101760 urchuq, Toshkentda 115576 ta, Farg’onada 110 mingdan ortiq urchuq o’rnatilgan. To’quv fabrikalarida «Pikanos» rusumli dastgohlardan To’ytepada 34 ta, Toshkentda 84 ta, «Vamateks» rusumli dastgohdan faqat To’ytepadagi korxonada 96 ta o’rnatilgan. Barcha qo’shma korxonalarda ishlab chiqariladigan mahsulotlar: paxta tolasidan yigirilgan ip, spandeks bilan yigirilgan ip (10-nomerdan 40-nomergacha), dag’al ip gazlama (100 g/m — 400 g/m gacha), dag’al ip gazlama spandeks bilan (100g/m—400g/m gacha). To’ytepadagi korxona yiliga 21600 tonna, Toshkent va Farg’ona korxonalar 26500 tonnadan kalava ip ishlab chiqaradi. Dag’al ip gazlama ishlab chiqarish bo’yicha yillik quvvatlar To’ytepada 14 million, Toshkent va Farg’onadagi korxonalarning har birida 9,0 million metrni tashkil qiladi. O’zbekistonda 3 qo’shma korxona bo’yicha bir yilda sotiladigan mahsulot hajmi 150 million AQSh dollarini tashkil qiladi. O’zbekistonda qurilgan korxonalarda keyinchalik matolarga gul bosish va tayyor kiyim mahsulotlari ishlab chiqarishni yo’lga qo’yish mo’ljallangan. Sadir Salimov.