Kalla suyagi

Kalla suyagi, bosh skeleti-umurtqali xdyvonlar va odamning bosh skeleti. Katta yoshdagi kishilarda Kalla suyagi choklar bilan birlashgan, chaqaloqlarda bu suyaklar o’rtasida suyaklanmagan qism — liqildoqlar bo’ladi. Odam kallasi 23 suyakdan iborat, ular juft va ayrimlari toq bo’ladi. Odamda bosh miya juda rivojlanganligi uchun Kalla suyagining miya qismi (Kalla suyagi qutisi) katta, yuz qismi pastga cho’zilgan, hayvonlarda esa yuz qismi oldinga cho’zilgan bo’lib, Kalla suyagining asosiy qismini tashkil etadi. Kalla suyagi miya va u bilan birga takomil etgan sezgi a’zolarining tayanchi, ularni tashqi muhit ta’siridan saqlab turadi. Bulardan tashqari, Kalla suyagining yuz qismida organism hayot faoliyati uchun muhim ahamiyatga ega bo’lgan nafas sistemasining boshlanish qismi — burun bo’shlig’i, ovqat hazm qilish sistemasining boshlanish qismi — og’iz bo’shlig’i va eshitish hamda muvozanatni saqlash a’zolari joylashgan. Kalla suyagining miya bo’limi tepa tomondan kalla qopqog’i bilan chegaralangan bo’lib, ichida bosh miya joylashadigan kalla bo’shlig’idan iborat. Kalla bo’shlig’i umurtqa kanalining kengaygan uchi bo’lib, u yerda bosh miya pardalarga o’ralgan holda joylashgan. Kalla tubidagi teshiklar orqali nervlar (ko’ruv, hidlov, uchlik, yuz, eshituv nervlari va boshqalar) va qon tomirlari (uyqu arteriyalari, bo’yinturuq venalari) o’tadi. Chakka suyagida o’rta quloq bo’shlig’i va ichki quloq bor. Kalla suyagining o’rtasi asosidagi turk egarida gipofiz yotadi. Ensa suyagida uzunchoq miya joylashgan. Kalla suyagi asosidagi eng katta teshik — ensa teshigi orqali uzunchoq miya orqa miyaga tushadi. Kalla suyagi gumbazini hosil qiladigan har bir suyak 2 plastinkadan iborat: tashqi plastinkasi qalinroq, ichki (miyaga qaragan) plastinka mo’rt va sinuvchan (buni shishasimon plastinka deb ham ataladi) bo’lib, bosh zarb eganda (hatto tashqi plastinka shikastlanmaganda ham) sinishi va bunda miya pardasi yirtilib, qon oqishi yoki bosh miyani jarohatlashi mumkin, bu esa hayot uchun xavflidir. Shuning uchun Kalla suyagi shikastlanganda uni rentgenda tekshirmasdan, Kalla suyagining ichki plastinkasi holatini aniqlamasdan aniq bir xulosaga kelish qiyin. Kalla suyagining 2 plastinkasi oralig’ida yupqa g’ovak modda va vena kanallari mavjud. Kanaldan o’tgan qon tomir miya bo’shlig’idagi pardalardan hosil bo’lgan vena sinuslarini kallani qoplab turgan teri venalari bilan qo’shadi. Bu venalar miya bo’shlig’idagi qon oqimini bir me’yorda saqlaydi. Ba’zan kalla terisi jarohatlanganda zudlik bilan chora ko’rish lozim, aks holda jarohatlangan sohadan qon tomir orqali miyaga mikroblar o’tib, ko’pgina noxushliklarga olib kelishi mumkin. Kalla suyagining miya qismi — ensa suyagi, peshona suyagi, bir juft tepa suyagi, ponasimon suyak, g’alvir suyak va bir juft chakka suyaklardan tuzilgan. Kalla suyagining yuz qismi yuqori jag’, bir juft tanglay, yonoq, burun, ko’z yoshi, pastki chig’anoq, dimog’ hamda pastki jag’va til osti suyaklaridan iborat. Bu suyaklar (pastki jag’suyagidan tashqari) bir- biriga o’zaro chok hosil qilib, pastki jag’suyagi esa bo’g’im orqali birikadi. Yangi tug’ilgan bola kallasining miya qismi yuz qismiga nisbatan kattaroq bo’ladi; suyaklanish bevosita parda davridan boshlanadi, natijada chaqaloqlarda suyaklar oralig’ida parda bilan qoplangan qismlar — liqildoqlar uchraydi. Kalla suyagi bola tug’ilishi vaqtida garmonga o’xshab yig’ilib, tug’ilishni osonlashtiradi. Liqildoqlar 2-3 oydan bir yoshgacha suyaklanib bo’ladi, suyaklanish kechikkanda bolalarga baliq moyi berib turish, ko’proq ochiq havoda olib yurish lozim. Kalla suyagi haddan tashqari katta (makrosefaliya) yoki juda kichik (mikrosefaliya), shakli har xil (cho’zinchoq, yumaloq va hokazoalr) bo’lib, hajmlarning turlicha bo’lishi odamning aql-idrokiga hech qanday ta’sir etmasligi ilmiy jihatdan isbotlangan.