Kamer musiqa nima?
O’tgan zamonlarda, hali kontsert zallari, filarmoniyalar bo’lmagan kezlarda instrumetal musiqa va uncha katta bo’lmagan cholg’u asarlari musiqa muxlislari, mug’anniylarning xonadonlarida ijro etilar edi. Bu narsa taxminan quyidagicha kechgan: bir necha ulfatlar-mug’anniylar bir joyga to’planishgan, notalar uchun, pult deb ataluvchi poya o’rnatishgan, skripkalar, altlar, naylar, gobonlarni giloflaridan chiqarishgan, klavesin yoniga o’tirishgan va kamer-xonaki kontsert boshlangan. Sonatalar, kvartetlar, triolar yangrardi, hozir bo’lganlardan kimdir klavesin yoki boshqa cholg’u asboblarining sadolari ostida qo’shiq kuylardi. Tinglovchilar esa odatda mug’anniylarning xesh-aqrabolari va tanish-bilishlaridan iborat bo’lardi. Hunarmandlarning kamtarin kulbasida ham, aslzodalar salonida ham xuddi shu tarzda musiqa chalinar edi. «Kamer musiqa» degan birikma ham shundan kelib chiqqan (italyancha «kamera» — xona degan so’zdan olingan). Teatr yoki kalisoning kattakon zalida emas, balki xonada ijro etish uchun mo’ljallangan xonaki musiqani kamer musiqa deb hisoblash odat tusiga kirgan. Albatta, xonada, uncha katta bo’lmagan binoda simfoniyalar, operalar yoxud oratoriyalarni ijro etishning imkoniyati yo’q edi. Shuning uchun ham kam sonli ijrochilarga mo’ljallab bastalangan asarlarlar — uy sharoitida ijro etish imkoniyati bo’lgan qisqa instrumental pyesalar, qo’shiqlar, duetlar, kvartetlar kamer musiqa deb ataladi. Zamon o’tib borar ekan, kamer musiqa xonadonlar va mehmonxonalardan kontsert zallariga ko’chib o’tgan bo’lsa-da, uning nomlanishi hozirga qadar saqlanib qoldi. Uni hozir ham odatda oratoriyalar va simfoniyalar yangraydigan katta kontsert zallarida emas, balki o’lchamdariga ko’ra kichik, kamer deb ataladigan xonalarda ijro etishga intilishlarini ta’kidlab o’tish joizdir.