KANPUR
KANPUR — Hindistonning shimoliy qismidagi shahar. Uttar-Pradesh shtatida, Gang daryosi sohilida. Aholisi 2 million kishidan ziyod (1990-yillar o’rtalari). Muhim transport yo’llari tuguni. Mamlakatning Gang vodiysidagi yirik sanoat va savdo markazi. Sanoatining yetakchi tarmoqlari — to’qimachilik (jun va ip gazlama) va ko’n poyabzal. Mineral o’g’itlar ishlab chiqariladi. Metallsozlik, aniq va qishloq xo’jalik mashinasozligi, aviasozlik, radioelektronika, kimyo sanoati, trikotaj va oziq-ovqat korxonalari mavjud. Hunarmandchilik rivojlangan. Universitet, Markaziy to’qimachilik, texnologiya institutlari bor. Shaharga 18-asrda asos solingan.