Karlovi-vari

Karlovi-vari (Chexiya qiroli Karl I nomiga qo’yilgan va vary — issiq buloqlar; nemischa Karlsbad) — Chexiyadagi shahar, Ogrje daryosi vodiysida, 380 metr balandlikda. Aholisi 54,1 ming kishi (2000). Shahar chetida chinni sanoati korxonalari («Mozer» zavodi) bor, badiiy shisha buyumlar ishlab chiqariladi. Karlovi-varida 1950 yildan boshlab xalqaro kinofestivallar o’tkazib turiladi. Karlovi-vari — balneologik kurort. Bemorlar mineral suv bilan davolanadi. Kurortga 1347-58 yillarda asos solingan. Iqlimi mo’tadil nam. Yiliga 620 mm yog’in yog’adi. Yozi salqin (iyulning o’rtacha temperaturasi 17,3°), qishi iliq (yanvarning o’rtacha temperaturasi -2°). Ko’plab issiq buloqllar bo’lib, suvining temperaturasi 41,2 dan 72,2°gacha. Eng kattasi — Vrjidlo. Uning suvidan Karlovi-Vari tuzi olinadi. Sanatoriy va pansionatlar bor. Turizm rivojlangan.