KAROMATOV SA’DULLA MUZAFFAROVICH
KAROMATOV SA’DULLA MUZAFFAROVICH (1928.14.7, Buxoro — 1987.21.8, Toshkent) — jurnalist, yozuvchi. O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi (1978). Toshkent universitetining Filologiya fakultetini tugatgan (1949). O’zbekiston radioeshittirish qo’mitasida xodim (1949-51), «Sovet O’zbekistoni» gazetasida adabiy xodim, bo’lim mudiri (1954-57), «O’zbekiston madaniyati» (1957-59), «Sovet O’zbekistoni» (1959-66) gazetalarida mas’ul kotib, «Toshkent oqshomi» — «Vecherniy Tashkent» gazetalari bosh muharriri (1966— 82), O’zbekiston yozuvchilari uyushmasi kotibi (1982-85). Karomatov ijodini 50-yillarda ocherknavis sifatida boshlagan. Birinchi yirik nasriy asari — «Tog’lar tabassumi» (hujjatli qissa, 1963). Ocherklar to’plamlari («Amuning zar kokillari», 1964; «kumush kamar», 1964; «go’zallik ramzi», 1965) chiqqan. Bir muhabbat fojiasiga bag’ishlangan «Bir tomchi qon» (1968), 2-jahon urushidan keyingi hayot mashaqqatlari haqidagi «E’tiqod» (1970) qissalari hamda ma’dan izlovchilar hayoti tasvirlangan «oltin qum» (1980) romani va boshqa asarlar muallifi.