KATEGORIYALAR

KATEGORIYALAR (yun. kategoria – mulohaza, fikr; belgi) — voqelikdagi hodisalar va bilishning muhim, umumiy xususiyat hamda munosabatlarini aks ettiruvchi eng umumiy va asosiy tushunchalar. Kategoriyalar bilish va ijtimoiy amaliyot tarixiy taraqqiyotining umumlashgan natijasi bo’lib vujudga kelgan. Kategoriyalar haqidagi ilk ta’limot qadimgi Hindistonning ayrim falsafiy maktablarida uchraydi. Aristotel o’zining «Kategoriyalar» asarida Kategoriyalarni obyektiv reallikning in’ikosi hamda eng yuksak umumlashmasi deb talqin qiladi. U 10 ta kategoriya to’g’risida ma’lumot beradi: mohiyat, miqdor, sifat, munosabat, joy, vaqt, qoida, holat, xatti-harakat va qiynalish.