Kavkabiy Najmiddin Buxoriy

Kavkabiy Najmiddin Buxoriy (? Buxoro — 1532, Eron) — musiqashunos, shoir, bastakor. Musiqa ilmi va amaliyotining turli masalalariga doyr ilmiy risolalar yozgan. Forobiy, Safiuddin Urmaviy, Omuliy, Abdulqodir Marog’iy va Xo’ja Yusuf Burhon Andijoniy asarlariga tayangan holda O’rta Osiyoda birinchilardan bo’lib, o’z nazariy qarashlarini zamonasining musiqa amaliyotiga yaqinlashtirishga intilgan. Fors tilidagi «Risolai musiqiy»da ilmi musiqiy, o’n ikki maqom tizimiga oid nazariy tushunchalar berib, turli zarb-usullarning nomini keltirib ta’riflagan, kuyning amaliyotidagi xillari haqida ma’lumot bergan. Kavkabiy maqomlarni kecha-kunduzning qaysi soatlarida ijro etilishi va har xil ruhiy holatdagi kishilarga ta’siri masalalarini bayon etgan. O’z risolasida turli musiqa asboblari, kuylar va maqomlarning paydo bo’lishi haqida afsonalar, g’azallar keltirib, umuman, qadimgi Sharq musiqiy estetikasi an’analarini davom ettirgan. Hasan Xoja Nisoriy va Darvishali Changiy ma’lumotiga ko’ra, Kavkabiy kulliyot, qavl, amal, savt, naqsh, rexta va boshqa shakllarda musiqa asarlari yaratib, maqomlarga mos g’azallar ham bitgan. She’rlarida Islom va musika mavzuiga yangilik olib kirib, musiqaning ilohiy kuchini tarannum etgan. Alisher Navoiy Kavkabiyga iste’dodli yosh shoir sifatida e’tibor bergan. Risolaning nusxalari Sankt-Peterburg, Dushanba, Toshkentdagi sharqshunoslik institutlarida saqlanadi.