KIRKIK
KIRKIK — bedana ovlashda ishlatiladigan asbob. Shakli kichik yog’och qoshiqqa o’xshaydi, dastasi va qorin qismi o’yilib, dastasiga ovoz chiqaradigan tilchali naycha o’rnatiladi, qorin qismiga yupqa rezina yoki yumshoq (oshlangan) teri parda tortiladi. Naychaning qoringa tutash joyi mum bilan mahkamlanadi. Ovchi Kirkikni barmoqlari bilan bir-ikki taktida uradi (kichikroq Kirkikni parda tortmay lunjga solib ishlatish ham mumkin), natijada makiyon bedana sayrog’iga monand ovoz chiqadi (Kirkikning nomi shundan). Makiyon ovozi nar bedanalarni jalb etadi, ular makiyonni izlab, yoyib qo’yilgan yoyma to’r ostiga yoki to’zoq qo’yilgan maydonga kirib keladi. Kirkik bilan bedana bahor va yoz oylarida ovlanadi.