KIRPECH

KIRPECH — badiiy bezak buyumi; uyning to’riga 2 taxmon o’rtasiga (tokchadagi taxlab qo’yilgan kiyim-kechak, kirlarni to’sish uchun) tutiladi. Choyshab, dorpech bilan birgalikda bir butun ansambl hosil qiladi. Satin, shoyi, Baxmal kabi matolarga qo’lda yoki popop mashinada kashta tikib tayyorlanadi. Hoshiyali bezak mujassamoti, asosan, islimiy naqshlardan iborat bo’lib, ba’zan tasvir va yozuvlar ham kiritiladi. Kirpech kelinchaklarning sepiga kiritilgan. O’zbekiston va xorijdagi eng yirik amaliy san’at muzeylarida, xususiy to’plamlarda kashtado’zlikning noyob turi sifatida qadrlanadi. Qadimgi namunalaridan idoralar bezagida, zamonaviy interer dizaynida keng qo’llanilmoqda.