KLASSIK SIYOSIY IQTISOD MAKTABLARI

KLASSIK SIYOSIY IQTISOD MAKTABLARI — iqtisodiy ta’limotlar tarixida XVII-XIX asrlarda vujudga kelgan yo’nalishlar. Klassik siyosiy iqtisodiy maktablariga qarashlari jamiyatning iqtisodiy hayotini dastlabki tizimli o’rganish qo’llanilgan nazariyalar hisoblanadi. Bu maktablarning yuzaga kelishiga XVII asr oxiri – XVIII asr davomida kapitalistik iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi va Angliyadagi sanoat inqilobi turtki bo’ldi. Maktablarning klassik deb atalishining sababi shuki, ularning namoyondalari o’z asarlarida hozirgi bozor iqtisodiyoti asosida yotuvchi qonuniyatlarni o’rganganlar, bu sohada muhim kashfiyotlar qilganlar va bu jihatdan ularning qarashlaridagi ilmiy qoidalar hozirgacha o’z ahamiyatini yo’qotmagan. Klassik maktab vakillari vujudga kelayotgan yangi jamiyat — kapitalizmni ishlab chiqarishning abadiy va tabiiy shakli, inson tabiati (aqliy egoizm)ga mos tushuvchi birdan-bir jamiyat sifatida qaraganlar.