KO’HNADARYO

KO’HNADARYO, Daryoliq — Amudaryoning qurib qolgan o’zani. Amudaryo muzlik davrida shu o’zandan oqib, chuchuk suvli sariqamish ko’liga quyilgan. Hozir qadimdi daryo oqiziqlari va sho’rxoklar bilan to’lgan. Urganch shahri yaqinidan boshlanib, shimoli-g’arbga yo’viladi.Toshhovo’z vohasi orqali ko’hna Urganch shahrigacha boradi, undan g’arbga yo’valib, Bo’ten tog’i yaqinida ikki tarmoqqa ajraladi. Uzunligi 300 kilometr. Ko’hnadaryoning ikki chetida ariq, kanallarning izlari uchraydi. Amudaryo toshganda suvi Ko’hnadaryoga kirib boradi. 1878 yilgi katta toshqinda Amudaryoning suvi Ko’hnadaryo orqali Sariqamish ko’liga quyilib, ko’l suvi sathini 8 metr ko’targan. Ko’hnadaryo atrofida barxanlar uchraydi. Uning terrasa (ko’hna qayir)larida qamish, qo’g’a, yulg’un, oqbosh, yantoq va boshqalar o’sadi. To’qayzorlar ham bor. Keyingi yillarda Ko’hnadaryo kollektor bo’lib xizmat qilmoqda. Xorazm viloyati, Qoraqalpog’iston Respublikasi va Turkmanistonning Toshhovo’z viloyatidagi sizot suvlar Ko’hnadaryodan Sariqamishga oqizilmoqda.