KONSIGNATSIYA OPERATSIYA
KONSIGNATSIYA OPERATSIYA — vositachilik operatsiyalarining bir turi. Konsignatsiya operatsiyada konsignant deb nomlangan bir tomon konsignator deb nomlangan ikkinchi tomonga omborxonadan tovarni o’z nomidan va konsignant hisobiga sotishni topshiradi. Konsignatsiya operatsiya konsignatsiya shartnomasi asosida amalga oshiriladi. Unga nisbatan komissiya shartnomasi haqidagi qonun me’yorlari qo’llanadi. Konsignatsiya shartnomasi deganda shunday shartnoma tushuniladiki, unga muvofiq bir tomon (konsignator) boshqa tomon (konsignant) topshirig’iga ko’ra muayyan vaqt davomida (konsignatsiya shartnomasi muddatida) shartlashilgan mukofot uchun o’z nomidan va konsignant hisobiga konsignator mamlakati omborxonasiga yetkazilgan tovarlarni sotish majburiyatini zimmasiga oladi. Bu tovarlar ular uchinchi shaxslarga sotiladigan paytgacha konsignant mulki bo’lib qoladi. Sotishning konsignatsiya shaklidan bozor bo’sh o’zlashtirilganda yoki mahalliy xaridorlarga kam ma’lum bo’lgan yangi tovarlarni yetkazib berishda foydalaniladi.