Konstitutsiya

Konstitutsiya (lotincha constitutio-tuzilish, tuzuk)-davlatning asosiy qonuni. U davlat tuzilishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimi, ularning vakolati hamda shakllantirilish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, shuningdek, sud tizimini belgilab beradi. Konstitutsiya barcha joriy qonunlarning asosi hisoblanadi. Davlat faoliyatining turli sohalarida Konstitutsiyaga rioya qilinishini nazorat etish Oliy sud yoki Konstitutsiyaviy sud zimmasiga yuklanadi. Konstitutsiya atamasi Qadimgi Rimdayoq bor edi (imperator Konstitutsiyasi deb atalgan qonun). Yevropadagi tarixiy taraqqiyot hozirgi kunda amalda bo’lgan Konstitutsiyalarning 2 guruhini vujudga keltirdi. 1-guruh — hozirgi zamon sharoitlaridan keskin farq qiluvchi sharoitlarda qabul qilingan eski Konstitutsiyalar. Bu xildagi Konstitutsiyalarga 1787 yilgi AQSh Konstitutsiyasi, 1831 yilgi Belgiya Konstitutsiya, 1874 yilgi Shvetsiya Konstitutsiyasi misol bo’la oladi. 2-guruhga XX asrning 2-yarmida qabul qilingan “yangi avlod” Konstitutsiyalari kiradi. Ular dastlabki Konstitutsiyalardan huquq va erkinliklar institutining, Konstitutsiyaning himoya qilish mexanizmlari va ijtimoiy muammolarga murojaat etish mexanizmlarining kengayishi natijasida konstitutsiyaviy tartibga solish hajmining ko’payishi bilan farq qiladi.