Kosmos, koinot
Kosmos, koinot — atrofimizni o`rab turgan dunyo, zamon va makon bilan cheklanmagan va materiyaning o`z taraqqiyot jarayonida kiradigan shakllariga qarab haddan tashqari xilma-xil borliq. Kosmos cheksiz ko`p kosmik jismlardan iborat bo`lib, ular Yerga nisbatan cheksiz kattadir. Kosmos doimo o`zgarib turadi; planetalar, yulduzlar, yulduz sistemalari paydo bo`ladi, rivojlanadi, parchalanib ketadi, ularni tashkil etgan materiya yangi shakllarga kiradi — yangi yulduzlar, yangi yulduz sistemalari paydo bo`ladi. Zamonaviy astronomik asboblar yordamida milliard-milliard yulduzlardan iborat son-sanoqsiz yulduz sistemalarini (galaktikalarni) ko`rish yoki rasmga olish mumkin. Ana shu yulduz sistemalari shu qadar uzoqdaki, ularning eng yaqinidan tarqalgan nur bizgacha bir necha yuz ming yilda keladi. Bizdan 15 mlrd. yorug`lik yilidan uzoqda bo`lgan galaktikalar ham ma’lum.