Kotterlar
Kotterlar (inglizcha birlik cotter, cottar, kechki lotincha cotarius-batrak, fermada yashovchi so’zidan)-o’rta asrlarda Angliya va Shotlandiyada kam yerli qaram dehqonlar toifasi. Boshqa qaram dehqonlardan (Angliyada villanlar, Shotlandiyada xazbendmenlar) o’z chek yerining nihoyatda kichikligi va majburiyatlari yengilligi bilan ajralib turardi. Mazkur holat ularning qishloq xo’jaligi yollanma ishchilari tabaqasiga aylanishiga turtki berdi. Ilk bor Kotterlar 1086 yilgi “Dahshatli sud kitobi”da tilga olinadi. Ushbu hujjatga ko’ra, Kotterlar bordariyalar bilan birgalikda mamlakat aholisining 32%ni tashkil qilgan. Istiloh Angliyada o’rta asrlarda va yangi davrda batraklar, mardikorlar, xalfalar va qishloqlardagi ustaxonalar ishchilariga nisbatan ham qo’llanilgan. Kapitalistik munosabatlarning avj olishi bilan Kotterlar yollanma ishchilarga aylanganlar.