KUYIKISH
KUYIKISH — jinsiy jarayon bosqichi, urg’ochi hayvonlarning jinsiy faollik davri. Kuyikish davrida hayvonlar bezovtalanadi, jinsiy tsikllar — jinsiy a’zodan shilimshiq suyuqlik ajralib chiqishi va ovulyatsiya (tuxum hujayraning yetilib, tuxumdondan chiqish) hodisasi ro’y beradi, qin va bachadonda morfologik o’zgarishlar sodir bo’ladi. Jumladan, sigirlar jinsiy a’zosidan suyuqlik kelishi 2-3 kun, juftlashishga xohishi 12-18 soat davom etadi. Qo’ylarda jinsiy a’zodan suyuqlik kelishi 24-36 soat va juftlashishga xohish jarayoni 38 soat davom etadi. Kuyikishning 2 xili mavjud: Fiziologik Kuyikish va jinsiy Kuyikish Fiziologik Kuyikish urg’ochi buzoqdarda 6-8 oyligidan boshlab kuzatiladi. Lekin ularni bu davrda qochirish man etiladi. Jinsiy Kuyikish muddati g’uvajin uchun 16-18 oylik deb belgilangan va ular shu davrdan boshlab urug’lantiriladi. Sigirlarda jinsiy tsikl tuqqanidan so’ng har 18-45 kunda qaytariladi. Mol qochirilganda urug’lanmasa, oradan ma’lum vaqt (masalan, biyalar va sigirlar 20-21 kun, sovliqlar 12-20 kun) o’tgach, qayta qochiriladi. Ubaydulla Nosirov.