Laboratoriya hayvonlar

Laboratoriya hayvonlar — biologiya, tibbiyot, veterinariya va qishloq xo’jaligida ilmiy maqsadlarda foydalaniladigan hayvonlar. Laboratoriya hayvonlar eksperimentdan ko’zda tutilgan maqsadlarga muvofiq tanlab olinadi. Bunda tadqiqotning ishonchli bo’lishini ta’minlash bilan birga olinadigan hayvonning biologik xususiyatlari, uni ko’paytirish va boqish imkoniyatlari hamda etik aspektlar ham hisobga olinadi. Laboratoriya hayvonlar sifatida sodda bir hujayralilardan tortib sut emizuvchilargacha bo’lgan barcha hayvonlardan foydalanish mumkin. Baqalar, sichqonlar (barcha Laboratoriya hayvonlarning 70%), kalamushlar, dengiz cho’chqachalari, itlar, mushuklar, quyonlar, maymunlar; umurtqasizlardan — ko’pchilik hasharotlar (masalan, drozofilalar), chuvalchanglar, kanalar an’anaviy Laboratoriya hayvonlar hisoblanadi. Ba’zan qushlar, toshbaqalar, baliqlar va boshqa hayvonlar bilan ham eksperiment o’tkaziladi. Tajribalarda Laboratoriya hayvonlarning maxsus yetishtirib chiqarilgan inbred va sof liniyalaridan va mikrobsiz hayvonlar (gnotobiotlar) dan keng foydalaniladi. Laboratoriya hayvonlar vivariylarda boqiladi.