Labrador
Labrador — shimoliy Amerikaning shimoli-sharqiy qismidagi yarim orol. Kanada hududi. Atlantika okeani, Labrador dengizi, San-Lavrentiy qo’ltig’i, Gudzon qo’ltig’i va Gudzon bo’g’ozi bilan o’ralgan. Maydoni 1,6 million km2. Tokembriy jinslaridan tashkil topgan. Labrador geologik jihatdan Kanada qalqonining bir bo’lagi, orografik jihatdan Lavrentiy qirlarining Sharqiy qismi. Tepalik ko’p (balandligi 200-800 metr), antropogen muzlarining izi saqlangan. Sharqiy qismi balandroq (Torngat tog’i, 1676 metr). Markaziy qismining balandligi 500-800 metr. Iqlimi subarktika va mo’tadil iqlim. Yanvarning o’rtacha temperaturasi Janubi-sharqida -12° dan shimoli-g’arbda -28° gacha, iyulniki 7-18°. Yillik yog’in 250-1200 mm. Labrador hududining katta qismi to’ng yerlar, ko’l va botqoqlik ko’p. O’simliklari o’rmon-tundra hamda qoraqarag’ay, oqqarag’ay, tilog’ochli siyrak o’rmonlardan iborat. Janubda tayga o’rmonlari, yaylovlar bor. Foydali qazilmalardan temir, titan va nikel rudalari olinadi. Mo’ynali hayvonlar va baliq ovlanadi. Asosiy aholi punktlari: set-Il, Sheffervill.