Layli va Majnun
Layli va Majnun — yaqin va O’rta Sharq xalqlari orasida keng tarqalgan folklor hamda yozma shakldagi adabiy yodgorlik. Dostonning ilk kurtaklari 7-asr 2-yarmida paydo bo’lgan. Ayrim manbalarning ma’lumotiga ko’ra, Doston qahramonlari tarixiy shaxslardir. Ularda Majnun Bani Omir qabilasidan chiqqan, asl ismi Qays ibn Mulavvah yoki Qays ibn Muod bo’lgan yigit, deya ta’kidlanadi. Qays Layli ismli o’z qabiladoshini sevgan hamda o’z sevgisi va hijron alamlari haqida mungli she’rlar bitgan. Bunday ma’lumot, jumladan, ibn Qutaybaning (889) «Kitob ush-she’r va shuaro» («she’r va shoirlar haqida kitob»), Abul Faroj al-Isfahoniyning «kitob ul-ag’oni» («Qo’shiq kitobi») asarlarida keltirilgan. Lekin boshqa manbalar bu ma’lumotlarni inkor etadi. Masalan, Arab olimi Avon ibn Hakim al-qalbiy (764) va Arab tarixchisi Hishom al-qalbiy (819) Majnun tarixiy shaxs emas, degan fikrni ilgari suradi. 7-asr 2-yarmidayoq Arab she’riyatida Majnun taxallusi ostida ko’plab mungli she’rlar vujudga keladi, bunday she’rlar tobora ko’payib boradi, to’plamlarga kiritiladi. Ammo Majnun nomi zikr etilgan she’rlarning barchasi ham yolg’iz bir kishiniki emas. Arab olimlari al-Johiz (9-asr) va ibn al-Mu’taz (908)ning aytishicha, kishilar Layli nomi bilan bog’liq barcha she’rlarni Majnunga nisbat beraverganlar. 11-asrda shoir Abul Bakr al-Volibiy tomonidan Majnunga nisbat berilgan barcha she’rlar to’planib, «Devoni Majnun» tuziladi. Devonda she’rlarga sharhlar beriladi hamda she’rlar Majnun haqidagi rivoyatlarning syujetiga kiritiladi. Layli va Majnun haqida ilk bor 1188 yilda Ozarbayjon shoiri Nizomiy Ganjaviy Doston yaratgan. Nizomiy «Layli va Majnun» dostonini ham g’oyaviy, ham badiiy jihatdan har tomonlama yuksak darajaga ko’tardi va xamsachilik an’analari qatoriga qo’shdi. Undan so’ng «Layli va Majnun” dostoniga ko’plab shoirlar murojaat qilishdi. Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Fuzuliy, Alisher Navoiy qalamlariga mansub «Layli va Majnun» dostonlari mashhur. Garchi ushbu dostonlar bitta nom bilan atalsa va ulardagi voqealar tizimi bir-biriga juda o’xshash bo’lsada, har bir muallifning «Layli va Majnun»i o’ziga xos va betakror asardir. Hozirgacha mazkur dostonning o’zbek, arab, fors, ozarbayjon, turk, turkman, tojik, gruzin, Panjob, kurd, urdu tillaridagi ko’plab variantlari mavjud. «Layli va Majnun» dostoni xalq og’zaki ijodi ravnaqiga ham beqiyos ijobiy ta’sir ko’rsatgan. Jumladan, o’zbek xalq ijodiyotining «Tohir va Zuhra», «oshiq g’arib» kabi dostonlariga «Layli va Majnun»ning ta’siri borligi e’tirof etiladi. Sanjar Nazarov.