Lazer spektroskopiya
Lazer spektroskopiya — optik spektroskopiya sohasi; gazsimon, suyuq va kristall holatdagi moddalarning atomlari va molekulalari spektrlarini lazer nurlari yordamida tadqiq qiladi. Lazer spektroskopiya kvant elektronika va optik spektroskopiya chegarasida vujudga kelgan. Lazerlar yaratilgandan so’ng Lazer spektroskopiyasi jadal rivojlana boshladi. Lazer nurining o’ziga xos xususiyatlari oddiy (kogerent bo’lmagan) yorug’likni qo’llaganda kuzatish mumkin bo’lmagan jarayonlarni kuzatishga imkon beradi. Lazer spektroskopiyaning keng spektral diapozonda nur chastotasini uzluksiz o’zgartirishga imkon berish, nanosekund, pikosekund va femtosekund davomatli yorug’lik impulslarini olish uslublarini yaratish, nurni to’lqin uzunligiga teng o’lchamli joyga fokuslashga imkon berish xossalari quyidagi masalalarni yechishga imkon berdi: 1) yorug’likning muhitlarda yuz beradigan kombinatsion va Mandelshtam — Brillyuen sochilishi spektral chiziqlarining tarkibi va shaklini o’rganish; 2) atom va molekulalarning selektiv ravishda uyg’ongan holatlarga o’tkazish va ularning shu holatlardagi yashash vaqtini topish hamda pastki holatlarga relaksatsiya qilish va kimyoviy reaktsiyalarga turtki berish qonuniyatlarini tekshirish; 3) atom va molekulalarda, suyuk, va qattiq jismlarda ko’p fotonli o’tishni (bir nechta fotonning bir paytda birgalikda yutilishini) kuzatish hamda jismlarning katta kuvvatli lazer nuri ostida yemirilish jarayonining tabiatini o’rganish; 4) lazer nuri ta’sirida yuz beradigan fluoressentsiya yordamida atom va molekulalarning to’qnashuvi natijasida spektral chiziqlarning kengayishi va surilishini aniqlash, to’qnashuvlar chastotasini o’lchash va to’qnashuvlarlarda energiyaning bir zarradan ikkinchisiga uzatilishini tadqiq qilish; 5) atomli va ionli gazlarni sovitib, ularning temperaturasini 1K dan ham pastga tushirish qonuniyatlarini aniklash; 6) izotoplarni lazer nuri ta’siri ostida selektiv ajratib olish; 7) atmosferani zaharlovchi har xil gazlarni masofadan turib tekshirish va ularning tarkibini aniqlash; 8.) biomolekulalar va hujayralarda yuz beruvchi tez va o’ta tez jarayonlarni o’rganish va alohida tanlangan yolg’iz hujayraga lazer nurini fokuslab, uni selektiv ravishda uyg’otish. Fizika, kimyo, biologiya, metrologiya va boshqa fan sohalarining nazariy va amaliy masalalarini yechishda Lazer spektroskopiyadan keng foydalanilmoqda. Ad.: Lazernaya spektroskopiya atomov i molekul [Per. S angl.], M., 1979. Maruf Qosimjonov.