Leksikografiya

Leksikografiya (leksika va … grafiya) — 1) lug’atlar tuzish, amaliy lug’atchilik. Amaliy lug’atchilik lug’atlar tuzish barobarida bir qator ijtimoiy muhim vazifalarni bajaradi: o’z va o’zga tillarni o’rganish; ona tilini tavsiflash va me’yorlashtirish (izohli, imlo va boshqa turdagi lug’atlar yordamida); tillararo aloqa-munosabatni ta’minlash (ikki va ko’p tilli lug’atlar, so’zlashgichlar); muayyan til leksikasini ilmiy o’rganish (etimologik, tarixiy lug’atlar) va boshqalar. Leksikografiya lug’at tuzish ishi sifatida turli xalqlarda yozuv taraqqiyotining ilk bosqichlarida u yoki bu tushunarsiz (eskirgan, dialektal, maxsus yoki chet tilga mansub) so’zning qanday ma’no anglatishini bilish ehtiyoji natijasida paydo bo’lgan. Dastlabki tuzilgan lug’atlar umumlashgan, universal xususiyatga ega bo’lgan (lug’atlarning turli shakllari, ko’rinishlari keyingi davrlarda yuzaga kelgan). O’zbek Leksikografiyasi tarixi Mahmud Koshg’ariyning «Devonu lug’otit turk» asaridan boshlangan deb aytish mumkin. Ushbu lug’at faqat so’zlar va ularning ma’nolarini tavsiflab qolmasdan, turkiy xalqlar tarixi, urf-odatlari, Geografik joylashuvi kabi keng ma’lumotlar manbai hisoblanadi. Shu bilan birga u dastlabki ikki tilli (turkiycha-Arabcha) lug’atlardandir. Mahmud Zamaxshariy o’zining «asos ul-balog’a», «Muqaddimat ul-adab» asarlari bilan ham amaliy, ham nazariy Leksikografiyaning rivojiga ulkan hissa qo’shdi. Alisher Navoiy ijodiga bo’lgan katta qiziqish 15-asrdan keyingi davrda bir qancha lug’atlarning yaratilishiga sabab bo’ldi: «Abushqa» (16-asr, Turkiya) izohli lug’ati, tole imoni Hiraviyning «Badoe ul-lug’at», Muhammad Rizo xoksorning «Muntaxab ul-lug’ot», Mirzo Mahdiyxonning «Sangloh», shuningdek, Muhammad Yoqub Chingiyning «Kelurnoma», «Sulaymon Buxoriyning «Lug’ati chig’atoiy va turki Usmoniy» («Chig’atoycha-turkcha lug’at»), Ishoqxon Ibratning «lug’ati sitta as-sina» («Olti tilli lug’at») kabi lug’atlarini ko’rsatish mumkin. 19-asr oxiri va 20-asr 1-choragida turli xil sabab va ehtiyojlar, davr taqozosi bilan Turkistonda ikki tilli Leksikografiya rivoj topdi, o’nlab ruscha-o’zbekcha, o’zbekcha-ruscha lug’atlar, so’zlashgichlar tuzilib nashr etildi. V.M.Nalivkin va M.Naivkinalarning 1884-1912 yillar mobaynida bir necha marta nashr etilgan «Russko-Sartovskiy i sartovsko-russkiy slovar» («ruscha-sartcha va sart-charuscha lug’at»), Ashurali zohiriy tomonidan 1927 yilda tuzilib, nashr ettirilgan 2 jildli «ruscha-O’zbekcha mukammal lug’at» keyingi davrlarda O’zbekistonda yaratilgan ikki tilli lug’atlar uchun asos bo’ldi. Hozirgi kungacha 10 ga yaqin xorijiy til bilan o’zbekchani qiyoslovchi ko’plab tarjima lug’atlari, fan sohalariga oid 100 dan ziyod bir, ikki va uch tilli terminologik lug’atlar yaratildi. O’zbek xalqi tarixida birinchi marta «O’zbek tilining izohli lug’ati» tuzilib, nashr etildi (1981). 20-asr o’zbek lug’atchiligi rivojiga A.Zohiriy, A.Qodiriy, E.D.Polivanov, A.K.Borovkov, V.V.Reshetov, S.Ibrohimov, Olim Usmon, Z.Ma’rufov, Sh.T. Rahmatullaev, N.Mamatov, A.Hojiev, T.Aliqulov va boshqalar munosib hissa qo’shdilar. Respublika mustaqilligi tufayli o’zbek Leksikografiyasi oldiga yangi davr talablariga javob beradigan entsiklopedik va lingvistik lug’atlar yaratish vazifasi qo’yilgan va bu vazifa o’z o’rni bilan amalga oshirilmoqda; 2) tilshunoslikning lug’atchilik nazariyasiga oid sohasi, lug’atshunoslik; lug’at turlari va ularni tuzishning ilmiy asoslarini ishlab chiqish bilan shug’ullanadi. Nazariy Leksikografiya bir qancha muammolarni qamrab oladi: lug’atlarning umumiy tipologiyasini va yangi turdagi lug’atlarni ishlab chiqish; lug’at makrostrukturasini ishlab chiqish (so’zlarni tanlab olish, so’z va lug’at maqolalarini joylashtirish tartibi, omonimlarni belgilash, lug’at tarkibiga havola materiallarni kiritish); lug’at mikrostrukturasini, ya’ni har bir lug’at maqolasini ishlab chiqish (so’zga grammatik va fonetik izoh berish, so’z ma’nolarini ajratish va tasniflash, dalil sifatidagi illyustrasiyalar turlari, ta’riflash turlari, belgilar tizimi, so’z etimologiyasi haqidagi ma’lumotlar) va boshqalar. Leksikografiya tilshunoslikning barcha bo’limlari, ayniqsa, leksikologiya bilan o’zaro bog’liq. Leksikografiya ham amaliy, ham nazariy soha sifatida leksikologiya, uslubshunoslik, fonetikaga hamda til tarixi, tilning grammatik qurilishi haqidagi ta’limotga suyangan holda ish ko’radi. Zamonaviy Leksikografiya muayyan davr jamiyatidagi bilimlar majmuini aks ettiruvchi lug’atlarning muhim ijtimoiy vazifasini alohida qayd etadi. Leksikografiya lug’atlar tipologiyasini ishlab chiqadi. Shu jihatdan bir tilli Leksikografiya (izohli va boshqa lug’atlar), ikki tilli Leksikografiya (tarjima lug’atlar), o’quv Leksikografiyasi (til o’rganishga maxsuslashgan lug’atlar), ilmiy-texnik Leksikografiya (terminologik lug’atlar) o’zaro farqlanadi. Ad.: Leksikograficheskiy Sbornik, VIP. 1 — 6, M., 1957-1963; Sherba L. V., Opit obtshey teorii leksikografii. V ego kn.: Yazikovaya sistema i rechevaya deyatelnost, L., 1974; Ojegov si., Leksikologiya, leksikografiya. Kultura rechi, M., 1974; Yuldashev A. A., Printsipi sostavleniya tyurksko-russkix slovarey, M., 1972. Abduvahob Madvaliev.