Liberalizm

Liberalizm — 17-18-asrlarda Yevropa mamlakatlarida yuzaga kelgan va fuqaroviy, siyosiy, iqtisodiy erkinliklarga oid asosiy qoidalarni e’lon qilgan g’oyaviy va ijtimoiy-siyosiy oqim. Liberalizm J. Lokk, A. Smit, Sh. Monteske va boshqalarning mutlaq hokimiyatga qarshi qaratilgan nazariyalariga asoslanadi. Liberalizm g’oyalari birinchi bor AQSh Konstitutsiyasi (1787) hamda inson va fuqaro hukuqlari deklaratsiyasida (1789) mujassam bo’lgan. 19-asr va 20-asr boshlarida Liberalizmning fuqarolik jamiyati, shaxs huquklari va erkinliklari, huquqiy davlat, demokratik siyosiy muassasalar, xususiy tadbirkorlik va tijorat erkinligiga oid asosiy qoidalari shakllangan. Hozirgi Liberalizm g’oyalariga ko’ra, erkin bozor mexanizmi samarali iqtisodiy faoliyat yuritish, ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarni tartibga solib turish uchun eng qulay shart-sharoit yaratadi; ayni chog’da bozor va raqobatchilik normal sharoitda rivojlanishi uchun bu sohaga davlatning muntazam ravishda aralashuvi zarur. 20-asr oxirida Liberalizm, konservatizm va sotsial-demokratiya g’oyalari bir-biriga yaqinlashdi.