Limfa sistemasi
Limfa sistemasi — odam va umurtqali hayvonlarda to’qima va a’zolardan limfa olib ketib, venoz sistemasiga quyadigan kapillyarlar va boshqa tomirlar, tuzilmalar. Odamning Limfa sistemasi — limfa kapillyarlari turi, limfa tomirlari chitali, limfa tugunlari hamda ikkita limfa yo’lidan tashkil topgan. Limfa sistemasi to’qimalararo suyuqlikning ortiqchasini chiqarish va uni venoz oqimga qayta o’tkizishda, to’qimalardan kapillyar qon tomirlarga so’rilmagan oqsil moddalar, kolloid eritmalarning o’zlashtirilishida qatnashadi. Limfa sistemasi yurak-tomir sistemasiga kiradi. Limfa kapillyarlari bosh qismi berk sirtmoq va bo’rtmalar hosil qiluvchi turli shakldagi naychalardan iborat. Ular bosh va orqa miya, taloq, Tog’ay, ko’z oqi hamda gavhari va plasentadan tashqari barcha a’zolarda mavjud. Limfa kapillyarlarining diametri qon tomir kapillyarlarnikidan bir necha marta ortiq. Ular devori yuqori o’tkazuvchanlikka ega. Limfa kapillyarlari to’ridan limfa tomirlari shakllanib, ularda limfa oqimini yo’naltirib turadigan klapanlar (qopqoqchalar) bo’ladi. Limfa tomirlari qovuzloqli chigallar hosil qiladi. Bu chigallardan a’zolar ichidagi limfa tomirlari shakllanib, ular a’zodan chiqadigan limfa tomirlariga aylanadi. Har bir ichki a’zoda yuza va chuqur joylashgan limfa tomirlari farq qilinadi. Odam tanasida ham teridan, teri osti yog qatlami va fassiyalardan boshlanuvchi yuza limfa kapillyarlari bor. Chuqur limfa tomirlari suyak, suyak ust pardasi, bo’g’imlar, muskullar, nervlar va qon tomirlardan kapillyarlar bilan boshlanadi. Limfa tomirlari tegishli joylarda yo’g’onlashib, limfa tugunlarini hosil qiladi. To’qima suyuqligining bosimi, limfa yigilishi hamda gavda muskullarining qisqarishi tufayli limfa Limfa sistemasi bo’ylab harakatlanadi. A’zodan tashqaridagi limfa tomirlari yaqinda joylashgan limfa tugunlariga quyiladi.