Limuzin

Limuzin — go’shti uchun boqiladigan qoramol zoti, Frantsiyaning Markaziy va Janubiy-g’arbiy viloyatlaridagi go’shtdor qoramollar zotlaridan tanlash va saralash asosida yaratilgan. Frantsiyaning limuzin tarixiy viloyati nomi bilan atalgan. Zot sifatida 19-asrdan ma’lum. Limuzin zoti mollari tez yetiluvchan, muskullari kuchli rivojlangan, suyaklari ingichka, tusi qizil. Buqalari vazni 1000-1200 kilogramm, sigirlari vazni 600-650 kilogramm. Sigirlari serpusht. Yillik sog’imi 1500-1800 kilogramm. Buzoqlari sut emish davrida jadal o’sadi va 8 oyligida tirik vazni 240— 300 kilogrammga yetadi. Buzoq go’shti olish maqsadida 3 oylik buzoqlar 150— 170 kilogrammga yetganda so’yiladi. Buqachalar go’shtga jadal boqilganda 12 oyligida 500 kilogramm vaznga yetadi. Limuzin har xil tabiiy xo’jalik sharoitga yaxshi moslashadi. AQSh, Angliya, Vengriya, Germaniya, Rossiya va boshqa davlatlarda ko’plab tarqalgan. Belorussiya, Ukraina, Litva va boshqalarda Limuzin zotidan boshqa zotlar bilan chatishtirishda samarali foydalanilmoqda. Limuzin zoti buqalari urug’i O’zbekistonga 2002 yildan boshlab olib kelinmoqda hamda Farg’ona va boshqa viloyatlar bo’rdoqichilik korxonalari va fermer xo’jaliklarida kammahsul bo’lgan sigirlarni sanoat usulida chatishtirishda foydalanilmoqda. Ubaydulla Nosirov.