Linza

Linza (nemischa Linse, lotincha lens — yosmiq; ikki tomoni qavariq shisha) — 1) optikada — ikkala tomoni sferik (yoki boshka shakldagi) sirtlar bilan chegaralangan shaffof jism; yorug’lik oqimi shaklini o’zgartirib beradi. Asosan, optik sistemalarning asosiy elementlaridan biri hisoblanadi. Linza, ko’pincha, shishadan tayyorlanadi; infraqizil nurlar yoki ultrabinafsha nurlar uchun shaffof moddalar (kvars, flyuorit va boshqalar) dan tayyorlanadi. Linza sirtining ko’rinishi ko’pincha sferik, maxsus Linzalarda esa sferik bo’lmasligi ham (masalan, tsilindrik) mumkin. Odatda, sferik sirtlar bilan yoki bitta sferik sirt va bitta yassi sirt bilan chegaralangan Linzalar keng qo’llanadi. Shakliga ko’ra, Linzalar qavariq va botiq xillarga bo’linadi. Sferik sirtlarning S, va S2 markazlari orqali o’tgan mm, to’g’ri chiziq Linzaning bosh optik o’qi, o nuqta optik markazi deb ataladi. Linzaning optik markazi orqali burchak ostida o’tuvchi har qanday to’g’ri chiziqlar Linzaning qo’shimcha optik o’qlari deyiladi. Linzani ko’plab prizmalarning yig’indisi deb tasavvur qilish mumkin. Qavariq Linzalar parallel nurlar dastasini yig’ib beradi [ularni yig’uvchi (musbat) Linzalar deyiladi]; botik Linzalar yorug’likni har tomonga tarqatib yuboradi [ularni tarqatuvchi (manfiy) Linzalar deb ataladi]. Parallel nurlarni musbat Linzalarda bir nuqtada — Linzaning bosh fokusida, manfiy Linzalarda esa (tarqalayotgan nurlarni) Linzaning mavhum bosh fokusida yig’ish mumkin. Manfiy Linzalarda buyumning mavhum tasviri, musbat Linzalarda haqiqiy, ammo teskari tasviri olinadi. Linzaning optik markazidan fokusigacha bo’lgan masofa Linzaning fokus masofasi deyiladi. Optik asboblarda, Linzalarning optik aberrasiyasi tufayli, bir necha Linzalar ishlatiladi; 2) akustikada— tovush yo’nalishini o’zgartira oladigan (tovushni fokuslaydigan) qurilma. Optik Linza kabi akustik Linza ham ikki ish sirti bilan chegaralanadi. Bu ikki sirtning sindirish ko’rsatkichi asosiy tavsifi bo’ladi. Shu sababli Linza materiali shaffof bo’lganida uning to’lqin qarshiligi muhitning to’lqin qarshiligiga yaqin bo’lishi shart. Akustik Linza qattiq, suyuq, gazsimon moddadan iborat bo’lishi mumkin. Havoli Linzalar radioapparaturalarda, qattiq va suyuq Linzalar defektoskopiyada, tibbiyot diagnostikasida qo’llanadi, shuningdek, Ultratovushdan foydalanish (texnika va biologiya)da uni kontsentrasiyalash (yig’ish) uchun ishlatiladi.